13.04.2021 2180

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-fevral kuni siyosiy partiyalar vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish bayonnomasi bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da BMT oʻquv markazining saylov boʻyicha xalqaro standartlar yuzasidan oʻquv kurslarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.

Shu maqsadda, joriy yilning 6-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Qonunchilik muammolari instituti va Institut tuzilmasidagi BMT Oʻquv markazi tomonidan “Xalqaro saylov standartlarini oʻqitish” doirasida xalqaro saylov standartlarining mazmun-mohiyati, ularni milliy saylov qonunchiligiga implementatsiya qilish, saylov jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazishga qoʻyiladigan talablar kabi muhim masalalar boʻyicha maxsus oʻquv kursi tashkil etildi.

Mashgʻulotda viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan jami 975 nafar mahalliy Kengash deputatlari va siyosiy partiyalarning xodimlari ishtirok etdi.

Dars mashgʻulotlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutidagi Ilmiy-ekspert kengashi aʼzosi Ismailova Gulnoza Saydiganixodjayevna tomonidan olib borildi. Dars mashgʻulotlari davomida tinglovchilarga Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish, oʻtkazish va saylov komissiyalari faoliyatiga oid xalqaro saylov standartlarning mazmuni; Halqaro saylov huquqining manbalari, universal va regional saylov standartlari; Siyosiy partiyalar, saylovchilar va kuzatuvchilarga oid xalqaro standartlar haqida zarur maʼlumotlar berildi.

Dars mashgʻulotlari davomida tinglovchilar xalqaro saylov standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, kuzatuvchilarga nisbatan talablarni yanada kuchaytirish, regional saylov standartlarini boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javoblarni olishdi. Dars mashgʻulotlari yakunida tinglovchilarga mavzuga doir oʻquv kontenti materiallari elektron tarzda mustaqil oʻrganish maqsadida taqdim etildi.

Maʼlumot uchun, xalqaro saylov standartlarini oʻqitish boʻyicha maxsus oʻquv kurslari joriy yilning 22-mayiga qadar davom etishi rejalashtirilgan.