“Xalqaro munosabatlar” fakulteti talabalarining Samarqand shahriga ekskursiyasi tashkil etildi
12.04.2021 3894
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 11-aprel kuni JIDU “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabalari fakultet ish yurituvchisi murabbiylik guruhi rahbarligida Samarqand shahrida bo‘lishdi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, ko‘hna va navqiron Samarqand o‘zining jozibadorligi hamda haqiqiy sharqona mehmondo‘stlikning chinakam namunasi ekanligi bilan ajralib turadi. Tarixdan ma’lum, Samarqand shahri ilk o‘rta asrlarda Turk xoqonligi tarkibida bo‘lgan. Lekin 712-yilda ushbu shahar Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablar tomonidan bosib olinib, Katta Xuroson va Movarounnahrning markaziga aylangan.
Bundan tashqari, ushbu shahar IX asrda Somoniylar, X asrda esa Qoraxoniylar davlatining tarkibiga kirgan. Buyuk bobomiz Amir Temur hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng shahar yana poytaxtga aylandi, vayron qilingan binolar tiklanib, shahar avvalgi ko‘rkamligi holiga qaytarildi.
Bugungi kunda Samarqand navqiron shaharlardan biri bo‘lib qolmoqda. Uzoq yillik tarixiga qaramay, o‘ziga xosligi va betakror qiyofasini yo‘qotmagan. Fred Barnard ta’biri bilan aytganda: “Yuz marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzaldir”. Ro‘yi zamin sayqali bo‘lgan Samarqand shahriga xush kelibsiz!
Sayohat koronavirus infeksiyasini oldini olishga qaratilgan epidemiologik talablarga qat’iy rioya qilingan holda tashkil etildi.
Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabasi