12.04.2021 2973

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Barqaror rivojlanishni taʼminlashda lider ayollar rolini oshirish omillari” mavzusida SHHT mamlakatlari lider ayollarining forumi oʻtkazildi. Ushbu Forum Oʻzbekistondagi Shanhay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiya markazi hamda Tashqi ishlar vazirligining koʻmagida tashkil etildi. Shuningdek tadbirni oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, JIDU Xotin-qizlar maslaxat Kengashi, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti, Respublika “Olima” assotsiatsiyalari ham tashkilotchi sifatida qatnashdi.

Xalqaro forumni Jaxon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori, siyosiy fanlar doktori, universitet Xotin-qizlar Maslahat Kengashi Raisi Eʼtibor Sultanova va  Oʻzbekistondagi Shanxay Xamkorlik Tashkiloti Milliy koordinatori Raxmatilla Nurimbetovlar olib borishdi.

Tadbirni kirish nutqi bilan ochib bergan JIDU rektori Komiljon Karimov zamonaviy demokratik jarayonlarda yuqori intellektual salohiyat va bilimga ega ayollarning oʻrni, lider ayollarning vazifalarini haqida, universitetdagi ayollar olib borayotgan faoliyat toʻgʻrisida batafsil gapirib berdi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning ishtirokchilarga yoʻllagan Murojaatini Senatning “Ayollar va gender tenglik masalalari” boʻyicha koʻmita raisi Malika  Kodirxonova oʻqib berdi. Murojaatnomada  mazkur forumni oʻtkazilishning dolzarbligi va muhimligi qayd etildi. Mamlakatda olib borilayotgan gender tengligini taʼminlash strategiyasida jamiyatda ayollarning mavqeini mustahkamlash asosiy yoʻnalishlardan ekanligi ham alohida taʼkidlandi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston hukumati tomonidan barcha ayollarga, ayniqsa, chekka hududlaridagi ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatda ularning oʻrnini mustahkamlash – davlatimizda ustuvor vazifalardan hisoblanishini aytildi.

Onlayn va oflayn shaklda oʻtgan forumda SHHTga aʼzo barcha davlatlar – Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Rossiya, Hindiston, Tojikiston va Pokistondan xalqaro ekspertlar, faol ayollar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Ayollarning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan harakatlar faqat ayollarning oʻzi emas balki erkaklar tomonidan tilga olinishi ham ayniqsa bu borada amalga oshirilayotgan ishlar salmogʻi va taʼsiridan darak beradi. SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov oʻz nutqida tashkilotning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy rivojida ayollarning ishtiroki muhimligi, butun dunyo va mintaqamizda gender notengligi va ayollar ishsizligi kabi muammolarni bartaraf etish borasida fikrlari bilan boʻlishdi.

Forumda, Rossiya Federatsiyasi Federal majlisining federatsiya Kengashi Raisi oʻrinbosari Galina Karelova, Oʻzbekistondagi XXR elchisi Szyan Yan, Hindiston Bosh prokurorinig sobiq oʻrinbosari Pinki Anand, Qirgʻiziston yuqori palatasi rais oʻrinbosari Aida Kasimaliyeva, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ayollar ishlari va oilaviy-demografik siyosat boʻyicha milliy komissiya raisi, Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi deputati Lazzat Ramazanova, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi ayollar ishlari va oila koʻmitasi raisi Kurbonzoda Xilolbi Jumaxon, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Nigina Rahimovalar ayollarning jamiyatda xususan ilm-fan va boshqaruv sohasida salmogʻi ortayotganini yuqori baholadilar.

Forumda aytib oʻtilganidek, SHHT mamlakatlari 3,2 milliard aholisi boʻlgan Evrosiyo hududining 60 foizidan koʻprogʻini egallab, ularning yarmidan koʻpini ayollar tashkil etadigan dunyoning rivojlanayotgan mintaqasidir. Tashkilotga aʼzo davlatlar gender tengligi va siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda ayollarning toʻliq ishtirokini taʼminlash boʻyicha koʻp ishlarni amalga oshirmoqdalar, bu har bir davlatda va umuman mintaqada barqarorlik uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Forum qatnashchilari quyidagi yoʻnalishlarda maʼruzalar qilishdi:

  1. Lider ayollar umumiy-siyosiy jarayonlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida
  2. Barqaror rivojlanish maqsadlarini taʼminlashda ayollarning koʻp tarmoqli faol ishtiroki
  3. Ayollarning shaxs sifatida huquqlari himoyalanishi – rivojlanishning
  4. Xalq va madaniy diplomatiya rivojida ayollarning oʻrni kabi muloqotlar turkumida ishtirokchilar oʻz maʼruzalari bilan qatnashdilar.

SHHT mamlakatlari lider ayollarining Forumi va ishtirokchilarning chiqishlariga tadbir Tashkiliy qoʻmitasi raisi, JIDU Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Saidmuxtor Saidqosimov yuqori baho berdi.

Xulosa oʻrnida esa, mazkur forum Shanhay hamkorlik tashkiloti yetakchi ayollari uchun bugunning dolzarb masalalarini muhokamasiga bagʻishlangan platforma vazifasini oʻtashi, yuborilgan yozma taklif va murojaatlar asosida keyingi vazifalarni belgilab beruvchi Yakuniy hujjat tayyorlash va uni barcha ishtirokchilarga tarqatish belgilab olindi. Barcha qatnashchilar tomonidan Forumning Oʻzbekistonda ayollar huquqlarini mustahkamlash borasidagi harakatlar sari oldinga qoʻyilgan dadil qadam va boshqa SHHT davlatlarida ham barqaror rivojlanish maqsadlarini rivojlantirish dasturi ekanligini taʼkidlandi.