09.04.2021 3979

San’at turlari ichida moʻjizakor qudratga ega bo‘lgan badiiy adabiyotning inson ma’naviy hayotidagi o‘rni beqiyos ekanligi azaliy haqiqat. Uning tarbiyalash, ruhiyatni poklash, ezgulikka boshlash, ma’naviyatni oziqlantirish, shuningdek, ko‘ngillarga lazzat bag‘ishlash, ayni paytda, fikriy faoliyatga chorlash singari xususiyatlari haqida to‘lib-toshib so‘zlash mumkin.

Shu bois ham buyuk so‘z san’atkorlari yaratgan noyob durdonalar asrlar osha go‘zallikka, ma’naviy yuksaklikka, ruhiy poklikka tashna qalblarni o‘ziga oshno qilib kelaveradi.

Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, yosh avlodni  mutolaaga undash kabi vazifalar olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.  Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 781-son qarori bilan “2020 - 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi” tasdiqlandi. Qabul qilingan hujjatda aprel oyining birinchi haftasida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 

Qolaversa, kitobga muhabbat uyg‘otishda  o‘quv yurtlari asosiy dargohdir. Shu maqsadda JIDU axborot resurs markazi, o‘zbek va rus tillari hamda roman-german tillari kafedralari bilan birgalikda murabbiylik soatida “Men o‘qidim, siz ham o‘qing” mavzusida davra suhbati uyushtirildi. Jahon adabiyoti durdonalari tahlili, badiiy asar g‘oyasi, adabiyotning vazifasi kabi mavzularda ma’ruzalar va qizg‘in  jonli munozaralar tadbirga o‘zgacha kayfiyat berdi.

Shuni e’tirof etish lozimki,  talabalar o‘rtasida  badiiy asar mutolaasida faollik va ishtiyoq kuzatilmoqda. Fanlarning va topshiriqlarning ko‘pligiga qaramay, talabalar badiiy adabiyotni o‘qib chiqish, uni barcha tafsilotlari bilan so‘zlab berish va sharh yozish, noyob o‘xshatishlar, murakkab iboralar, kam qo‘llaniluvchi kitobiy so‘zlar, eskirgan so‘zlar ma’nosini eslab qolish amallarini bajonidil bajarayotganlari, shu bilan birga yozuvchi uslubini farqlash, qiyoslash, badiiy voqelik, muallif niyati, asar g‘oyasi va h.k. ustida mustaqil fikrlay boshlaganlarini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Albatta, talabalarning badiiy asarni tushunish, his qilish darajasi, didi turlicha, biroq ular orasida birorta ham kitobni o‘qishni xushlamagan, undan ozgina bo‘lsa ham zavq olmagan talaba yo‘q. Tadbir doirasida bir qator adiblar ijodi, universitet kutubxonasi fondidagi adabiyotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.