Nortumbriya universiteti bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
13.03.2021 2635
12-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Buyuk Britaniyaning Nortumbriya universiteti bilan oʻzaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan video uchrashuv tashkil etildi. Nortumbriya universiteti Angliyaning yirik tadqiqot universitetlaridan boʻlib, bu yoʻnalishda taʼlim muassasasi Buyuk Britaniyada Top-20 talikka kiradi. Ikki OTM oʻrtasida kelishuvga erishish, ingliz universitetining ilm-fan tajribasini oʻrganish jihatlari muhokama qilingan uchrashuvda Nortumbriya universitetining xalqaro masalalar boʻyicha prorektori Jon Rist va global akademik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha menedjeri Trista Huang, Oʻzbekistonnig Londondagi elchixonasi maslahatchisi Aliyor Tilavov va attashe Shohruz Samadov, Xalqaro aloqalar boʻyicha JIDU prorektori, professor Saidmuxtor Saidqosimovlar qatnashdi.
Nortumbriya universiteti huquqshunoslik va biznes, sanʼat va dizayn, IT, atrof muhit toʻgʻrisidagi ilm, sogʻliqni saqlash, sport ilmi va psixologiya, shuningdek pedagogik taʼlim yoʻnalishlarida bilim beradi. Ayni vaqtda 4 ta fakultet boʻyicha 500 ga yaqin oʻquv dasturlariga ega. Undagi biznes va huquq fakulteti bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻrtasida ayniqsa, 3+1 dasturida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari oʻzaro muhokama qilindi.
Shuningdek, ingliz professorlari Nortumbriya universitetining AQSH, Gongkong, Singapur, Malayziya, Fransiya, Avstraliya, Yaponiya, Niderlandiya kabi davlatlar bilan taʼlim sohasida yoʻlga qoʻygan strategik hamkorlik tajribalari va formatlari haqida ham oʻzbek hamkasblariga maʼlumot berdilar. Uchrashuv yakuniga koʻra, aynan 3+1 dasturi boʻyicha batafsil maʼlumot almashinish va JIDU talabalari uchun angliyalik professorlar tomonidan onlayn-maʼruzalar tashkil etishga kelishib olindi.