06.03.2021 3673

Assalomu alaykum aziz opa-singillar, universitetimizning barcha ayol professor-oʻqituvchilari va xodimlari!

Avvalo, Sizlarni, ezgulik va goʻzallik, shuningdek, ayollar emansipatsiyasi,  huquqlari va ozodligi, tengligi timsoli boʻlgan 8-mart — Xotin-qizlar kuni bilan oʻzim hamda universitetning erkaklar jamoasi nomidan chin qalbimdan tabriklayman!

Ayol azaldan goʻzallik, nafosat, idrok, oilaviy toʻkislik, baxt hamda osoyishtalik ramzi boʻlib kelgan. Ayol aql-zakovati, tadbirkorligi, oʻtkir farosati ila nafaqat oila, balki butun bir davlat, el-yurt farovonligi va istiqboliga taʼsir koʻrsatganligiga tarixdan koʻplab misollar keltirish mumkin. Ayollarga atab betakror sheʼrlar, meʼmoriy obidalar, oʻlmas sanʼat asarlari ham bejiz yaratilmagan. Ular ayolning chin maʼnoda muqaddasligining eʼtirofidir. 

Bugungi kunda yurtimiz taraqqiyotida xotin-qizlarning tutgan oʻrni va mavqei tobora ortib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻz rahbarligining dastlabki kunlaridanoq yurt ravnaqi va farovonligi yoʻlida, ayniqsa farzandlarimizni har jihatdan yetuk hamda vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda Oʻzbekiston xotin-qizlarining ishtiroki va saʼy-harakatlariga katta umid va ishonch bildirgan edi. Bugungi xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini taʼminlash borasidagi  davlat siyosati bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Qadrli opa-singillar!

Bahorning ilk ayyomi munosabati bilan universitetimizning dilbar, fidoyi va oʻz kasbining mohir egasi boʻlgan xotin-qizlarimizga shuni taʼkidlamoqchimanki, universitet hayotining barcha jabhalarida– taʼlim, tarbiya hamda ilmiy hayotda Siz alohida oʻringa egasiz. Yosh avlodga ilm ziyosini sochishdek mashaqqatli va fidokorona mehnatingiz, shuningdek, ilm-fan sohasida erishgan yutuqlaringiz, jamoat ishlaridagi faol ishtirokingiz, ibratli fazilatlaringiz bilan universitetimiz jamoasi va talabalar oʻrtasida orttirgan hurmat-eʼtiboringizni har qancha eʼzozlasa oz.

Hurmatli onaxonlar, opa-singillar, munis qizlar!

Barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Oilangiz, farzandlaringiz, turmush oʻrtogʻingiz, qolaversa, talabalar baxtiga hamisha sogʻ-omon boʻlinglar!