05.03.2021 1779

5-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Maslahatchisi Kunixiko Miyake bilan onlayn-maʼruza oʻtkazildi. Uchrashuv uchun Yaponiyaning Favqulodda va Muxtor elchisi janob Yoshinori Fudziyama ham JIDUga tashrif buyurdi. Tadbirda shuningdek, Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti, Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universitetlaridan ham ishtirokchilar onlayn ravishda qatnashishdi.

Universitet rektori Komiljon Karimov va muhtaram Elchining kirish nutqlaridan soʻng tadbirning asosiy qismiga oʻtildi.  Kunixiko Miyakening “Sharqiy Osiyodagi vaziyat va uning Markaziy Osiyoga taʼsiri” mavzusidagi maʼruzasi muallifning geosiyosatdagi uzoq yillik faoliyati va shaxsiy tajribasi asosida tayyorlangan. Yaponiyalik professor oʻz maʼruzasini davlatlar olib borayotgan siyosati misolida tahlil qilib berdi. Bu esa talabalar va ishtirokchilarning mavzuni oson tushunishi hamda qiziqishini taʼminladi.

Maʼlumki, oʻzbek-yapon munosabatlari asrlarga borib taqaladi. Buyuk Ipak yoʻli boʻlgan davrlardayoq ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy aloqalar rivojlangan. Yaponiyalik mashhur rassomlardan biri aynan Buyuk Ipak yoʻlini olisdagi kunchiqar mamlakatni boshqa davlatlar bilan bogʻlovchi yagona yoʻl deb taʼriflagan. Turli yoʻnalishlarda boʻlgani singari Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida ijtimoiy-madaniy va taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlik rivojlanib bormoqda. Ikkala davlat taʼlim sohasidagi siyosati ham uzviy va samarali rivojlanishni tendensiyalariga ega. Maʼruzachi Kunixiko Miyake ham bu aloqalarni ijobiy baholab, hamkorlik istiqboli aynan bugungi yoshlarga bogʻliq ekanligini eʼtirof etdi.

Suhbat yakunida OTM talabalari yaponiyalik professorga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va javob oldilar.

Kunixiko Miyake haqida:

1953-yilda Kanagava prefekturasida tugʻilgan. Eykogakuen maktabi va Tokio universitetinig yuridik fakultetini tugatgan. 1978-yilda Yaponiya tashqi ishlar vazirligida ish boshlagan. U Yaqin Sharq departamentining boshligʻi, Yaponiyaning Xitoydagi elchixonasining ishonchli vakili, Yaqin Sharq va Afrika departamentining maslahatchisi vazifalarida ishlagan.

Hozirda, Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Maslahatchisi, Ritsumeykan universitetining faxriy professori va The Canon Institute for Global Studies katta ilmiy xodimi.