02.03.2021 3761

2-mart – Oʻzbekiston BMTga teng huquqli aʼzo sifatida qabul qilingan kun. Bu sana munosabati bilan Jahon iqtisodyoti va diplomatiya universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Inson huquqlari Milliy markazi, Davlat va huquq instituti bilan hamkorlikda “Inson huquq va erkinliklarini taʼminlashning yangi bosqichi” mavzusida “Xalqaro huquq” fakulteti talabalari hamda professor-oʻqituvchilar bilan davra suhbati tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 22-fevralda “BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining 46-sessiyasi”dagi nutqida Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik davrida inson huquqlari universal qadriyat ekani hamda gender tengligi, alohida ehtiyojga muhtoj shaxslarning huquqlari, yoshlar huquqi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish kabi asosiy masalalarga toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova soʻnggi yillarda insonning huquq va erkinliklarini har tomonlama taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan yili qabul qilingan 70 dan ortiq qonunlarda ham inson huquqlari ustuvorlik qilishi qayd etildi. Shuningdek, Ombudsman oʻz soʻzida Prezidentning “BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining 46-sessiyasi”dagi nutqida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm doirasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid boʻlgan qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga bundan buyon ham mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligini taʼkidlagani, mazkur vazifa Davlat rahbarining Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida hamda 2021-yilgi “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham aks etganiga eʼtibor qaratdi va bu borada tashkilot oldida turgan vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Davra suhbatida qatnashgan Davlat va huquq instituti, fuqarolik-huquqiy va xalqaro-huquqiy fanlar boʻlimi mudiri Firuza Xamdamova Oʻzbekistonning global va regional tashabbuslari boʻyicha yigʻilganlarga maʼlumot berdi. Unga koʻra, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning xavfsizlik, mintaqalararo tinchlik kabi muhim masalalar bilan birgalikda xalqaro hamjamiyat oldiga inson huquqlarini himoyalash vazifasini ham ustuvor ekanligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida, talabalar Oʻzbekistonning  BMT bilan tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlidagi 29 yillik hamkorligi natijasida qoʻlga kiritilgan yutuqlar va oldindagi vazifalar muhokama qilindi.