Shoh va shoir Zahiriddin Muxammad Boburga bagʻishlangan oʻzbek-turkman diplomatlarining xalqaro konferensiyasi
20.02.2021 2122
2021-yil 17-fevral kuni buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muxammad Boburning tavvalud topgan kuniga 538-yil toʻlishi munosabati bilan onlayn xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya Ashxoboddagi Oʻzbekiston elchixonasi hamda Toshkent shahridagi Turkmaniston elchixonasi koʻmagida tashkil etildi.
Uchrashuvda diplomatik missiyalar vakillari, JIDU va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar instituti (XMI) rahbarlari, ikki mamlakat professor-oʻqituvchilari va talabalari faol ishtirok etishdi.
Soʻzga chiqqanlar – Oʻzbekistonning Turkmanistondagi Favqulodda va muxtor elchisi A. Kuchkarov, Turkmanistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ya. Mamedov, JIDU rektori K. Karimov, Turkmaniston TIV XMI rektori D. Gurbangeldiyevlar tomonidan Turkmaniston va Oʻzbekiston xalqlari jahon tarixiga katta hissa qoʻshgan qadimiy sivilizatsiyalardan qolgan madaniy va tarixiy merosni saqlaguvchi xalqlar boʻlib kelgani taʼkidlandi. Bu xalqlar ajdodlardan meros qolgan dini, tili, oʻziga xos madaniy va maʼnaviy qadriyatlarini saqlab qolishga muyassar boʻlgan, oʻzining shonli va boy oʻtmishi bilan haqiqatan ham gʻururlanishi mumkinligi haqida gapirildi.
Konferensiya davomida yozma manbalardan turkiy va hind xalqlarining nafaqat tarixiy balki madaniy aloqalar ham yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlab oʻtildi.
Konferensiyada keltirilgan ikki mamlakatning xalqaro va mintaqaviy siyosati boʻyicha dolzarb masalalarda bir-biriga yaqinligi va oʻxshashligi haqidagi fikrlar joriy yilning 17-fevral kuni Ashxobod shaxriga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A. Komilov bilan Turkmaniston Prezidenti G. Berdimuxamedov uchrashuvida ham tilga olingan.
Shuningdek, davlatlararo bu kabi muloqotlar – Turkmaniston va Oʻzbekiston Prezidentlarining uchrashuvlari, soʻnggi yillardagi savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi koʻp tomonlama hamkorliklar hamda oʻzaro kelishuvlar asosida yuzaga kelgan natijasidir. Yana bir fikrga urgʻu berildiki – ikki mamlakatning tashqi siyosiy ustuvorlik yoʻnalishlari tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanishiga intilish, infratuzilma va transport kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirib yangi mintaqaviy bozorlarga chiqishdan iborat.
Tadbir ishtirokchilari shoir Zahiriddin Muhammad Bobur haqida gapirib, ushbu ulugʻ arbobning merosi nafaqat turkiy xalqlar uchun, balki butun insoniyat uchun aziz ekanligini taʼkidladilar. Uning hamfikrlari buyuk turkman shoiri va davlat arbobi Bayramxon hamda Bayramxonning oʻgʻli Abdurahimxon Turkmaniston va Oʻzbekiston mamlakatlarining doʻstlik va birodarlik ramziga aylangan.
Suhbat yakunida ikki tomon vakillari kelajakda hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga va keyingi uchrashuvlarni offlayn shaklda Ashxobod va Toshkent shaharlarida oʻtkazishga umid qildilar.
Konferensiyada oʻzaro fikr almashilib quyidagi toʻxtamga kelindi: talabalar, magistrlar, oʻqituvchilarni malaka oshirishga, ilmiy nashrlarni oʻzaro almashuvini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, hamkorlik tadqiqotlarini olib borish, onlayn rejimda ilmiy konferensiya va seminarlar oʻtkazish.
Bu kabi konferensiyalarning oʻtkazilishi doʻstona turkman-oʻzbek aloqalarini yanada mustahkamlashga va birgalikda ikki mamlakatni tarixiy-madaniy merosini oʻrganishga yana bir sabab boʻlib xizmat qiladi.