15.02.2021 4664

Hozirgi zamonda intellektual va maʼnaviy yetuk, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning drayveriga aylanmoqda. Ayni vaqtda Oʻzbekiston aholisining 60 foizdan ortigʻini kuchli va shijoatli yoshlar tashkil etadi. Shu sababdan ham yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining uzluksizligini taʼminlashga qaratilgan mamlakatimiz strategiya va dasturlarida alohida ahamiyatga ega.

2017–2020-yillarda yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va uygʻun rivojlantirishga, har bir navqiron inson jamiyatda munosib oʻrin egallashi va respublikada yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asos larini yanada mustahkamlash maqsadida qator qonunlar, Prezidentimizning farmon va qarorlari qabul qilindi. Jumladan, 5 ta qonun va 50 ga yaqin qonunosti hujjatlari amalga kiritildi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da ham butun xalqimiz, ayniqsa, ertangi kunimiz egasi boʻlgan yigit-qizlarning huquqlarini taʼminlash boʻyicha amalga oshiriladigan, ortga qaytmaydigan islohotlar izchil davom ettirilishi bayon etildi.

Bu sohada Oʻzbekistonning butun jahon yoshlarining huquq-manfaatlarini koʻzlab ilgari surayotgan tashabbuslari esa alohida ahamiyatga molik desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Prezidentimiz 2020-yil 23-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleya sining 75-sessiyasida nutq soʻzlab, BMTning “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini yana bir bor ilgari surdi. Ushbu tashabbus har bir davlat yoshlar taqdiri va ularning porloq kelajagi borasida masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi kerakligini nazarda tutadi.

Shuni taʼkidlash kerakki, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunda farzandlarimizga zamonaviy taʼlim olish, uy-joy xarid qilish va qurish, oila qurish uchun imtiyozli kreditlar olishda katta imkoniyatlar, tizimli ijtimoiy kafolatlarni taqdim etmoqda.

Yoshlar kamolotida taʼlim va tarbiyaning oʻrni beqiyos. Bunda taʼlim tizimini takomillashtirish, uni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, bogʻcha tarbiyalanuvchilari, oʻquvchi va talabalarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Soʻnggi toʻrt yilda mamlakatda yoshlar taʼlimiga berilayotgan alohida eʼtibor tufayli uning barcha bosqichlarida katta islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 38 foizdan 52 foizga va yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga qamrovi 9 foizdan 25 foizga yetkazildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzildi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etildi. Hozirgi vaqtda “Oʻzbekiston yoshlari — 2025” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, kelajak vorislari bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, bu borada olib borilayotgan siyosatni baholashning milliy indeksi joriy etilmoqda.

Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan koʻplab masalalar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlar, terrorizm va ekstremizm, irqchilik, iqlim oʻzgarishlari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi — oʻzaro kelishilgan global hamkorlikni va mavjud muammolarni hal etish jarayonlariga yoshlarni faol jalb qilishni talab etmoqda. Shu munosabat bilan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

18 yoshgacha boʻlganlar, qariyalar, ayollar, nogironlar huquqlarini ifoda etuvchi xalqaro hujjatlar bor. Ammo aholining eng tez oʻsib borayotgan, eng katta qismini tashkil qilayotgan qatlam — yoshlar haqida xalqaro hujjat yoʻq. Oʻzbekiston tashabbusi, birinchi navbatda, mana shu ehtiyojdan kelib chiqildi.

Shu oʻrinda aynan kimlarni yoshlar deb hisoblash kerak, degan oʻrinli savol tugʻiladi. Aslida xuddi shu masala konvensiya loyihasini ishlab chiqishda paydo boʻlgan eng katta muammodir. Hozirgi kunda turli xalqaro huquqiy hujjatlarda yoshlar uchun turlicha yosh oraligʻi belgilanganini kuzatish mumkin. Jumladan, BMTning Butunjahon harakatlar dasturiga koʻra, 15-24 yosh oraligʻidagi insonlar yoshlarni tashkil etadi. BMT Xavfsizlik kengashining Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 2250-rezolyutsiyasida yoshlik doirasi 18-29 yosh etib belgilangan. Afrika yoshlar xartiya siga binoan esa bu koʻrsatkich 15-35 yosh oraligʻidan iborat.

Yoshlar huquqlari deganda, ularning asosiy huquq va erkinliklarini tushunamiz. Bu huquq va erkinliklardan har bir inson foydalanishi zarur boʻlgani holda, ayrimlarga yoshi nuqtayi nazaridan bu borada cheklovlar qoʻyiladi. Bunday holatlar esa oʻsib kelayotgan avlodga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi 18 yoshgacha boʻlgan shaxslarni oʻz taʼsir doirasi va himoyasiga oladi. Ammo bolalar va oʻsmirlar turli shakllardagi kamsitishlarga koʻproq duch kelyapti. Ayniqsa, taʼlim olish, maqbul ish topish, ijtimoiy himoyadan foydalanish, fuqarolik va siyosiy huquqlarini toʻla roʻyobga chiqarish borasida asriy muammolarga duch kelayotgani ham bor gap.

Konvensiya loyihasida 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan aholi qatlamini yoshlar sifatida eʼtirof etish koʻrsatilgan. Chunki 18 yoshgacha boʻlgan aholining huquqlari alohida hujjatda belgilab qoʻyilgan.

Dunyo yoshlarining huquq va erkinlik larini bir tizimga solish, huquqlarni yaxlit tarzda ifodalash uchun ham bu konvensiyaga zarurat bor. Ushbu hujjat loyihasini ishlab chiqish jarayoniga dunyoning 2 milliardga yaqin yoshlarini jalb qilish, ularning ham milliy, ham mintaqaviy, ham xalq aro darajadagi faolligini taʼminlash, yoshlar siyosati masalasida davlatlarning masʼuliyatini oshirish lozim. Shu bois, tashkil etilgan ishchi guruhga davlat organlari, yoshlar tashkilotlari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari jalb qilindi. Konvensiya loyihasining bir qator nufuzli muassasalarda muhokama qilinganini alohida taʼkidlash lozim.

Mamlakatimiz BMT Bosh kotibi ilgari surgan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi: kelajakka nigoh” mavzusida turkum global munozaralar oʻtkazish tashabbusi doirasida 2020-yil davomida milliy va xalqaro hamkorlarimiz bilan uchta global onlayn munozara-tadbirlar sikliga qoʻshildi. Mazkur munozaralarning uchinchisi 2020-yil 12-13-avgustdagi “Yoshlar — 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" mavzusidagi Samarqand veb-forumida maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

Yuqoridagi tadbirlar va amaliy saʼy-harakatlar Oʻzbekistonning BMT doirasidagi xalqaro muhim tashabbuslarning ijodkoriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Kadirova Nargiza,
JIDU “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi katta oʻqituvchisi


Safarova Shaxlo,
JIDU “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi oʻqituvchisi

Yangi Oʻzbekiston №31(287), 2021-yil 12-fevral