30.01.2021 11887

Zamonaviy Oʻzbekiston tashqi siyosatida jahonning barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va koʻp qirrali sheriklikni yanada kuchaytirish boʻyicha soʻngi yillarda aniq chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Xususan, davlatimiz tomonidan azaliy va yagona tarixiy ildizlarga ega boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan boʻlgan munosabatlar rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining soʻnggi hisob-kitoblariga koʻra, hozirgi kunda Markaziy Osiyo aholisi 72,5 million kishini tashkil etadi. Bunda Oʻzbekistonning ulushi 45% atrofida, Qozogʻiston - 25%, Tojikiston - 13%, Qirgʻiziston va Turkmaniston - har biri 8,5% ni tashkil etadi.

Qayd etish joizki, soʻnggi uch yil ichida Oʻzbekistonning mintaqaviy saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Bu vaqt ichida mintaqamizda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hamkorlik muhitini yaratishga erishildi.

Oʻzbekistonda kechayotgan tub islohotlar, jamiyatimiz hayotidagi demokratik oʻzgarishlar, erishilgan natijalar nafaqat mamlakatimiz hududida balki qoʻshni davlatlardagi xalqlarda ham katta qiziqish uygʻotib, mintaqaviy jarayonlarga katta ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Oʻzaro munosabatlarda yaqin-yaqingacha baʼzi mavzularda gapirish nooʻrin hisoblangan boʻlsa, hozirda biror bir yopiq va muhokama qilinmagan muammoli masala qolmadi.

Xususan, chegara postlarining ochilishi va ular sonining koʻpaytirilishi, vizasiz rejimning joriy etilishi kabilar xalqlarimizning oʻzaro bordi-keldisini yengillashtirmoqda. Oʻzbekiston olib borayotgan tashqi siyosatdagi konstruktiv yondashuv tufayli yillar davomida muammo boʻlib kelgan koʻpgina masalalar, xususan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transchegaraviy, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, fuqarolarning chegara punktlarini kesib oʻtishi, oʻzaro turizmni rivojlantirish kabi dolzarb masalalar mintaqa davlatlari tomonidan ochiq va doʻstona ruhda hal qilinmoqda.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan mintaqaviy hamkorlikning yangi mexanizmlari tashkil etildi. Bunga misol qilib, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini keltirish mumkin.

Ushbu institut mintaqaviy muammolarni birgalikda muhokama qilishning muhim mexanizmiga aylandi, deb aytish mumkin.

Oʻzbekistonning mazkur yoʻnalishdagi siyosati rivojlangan xorijiy mamlakatlarning (AQSH, Xitoy, Yaponiya, Fransiya, Germaniya) yetakchi ekspert va olimlari (F.Starr, S.Chjanchji, T.Tonaka, E.Dyupyui, M.Dornfeldt) tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Markaziy Osiyoning Oʻzbekiston tashqi siyosatida ustuvor yoʻnalish sifatida qaralishiga turtki berayotgan, mintaqa davlatlariga xos boʻlgan mushtarak omillardan quyidagilarini ajratib koʻrsatish mumkin:

  • mintaqa davlatlarining joʻgʻrofiy joylashuvi va xususan, Oʻzbekistonning mintaqa markazidan oʻrin olgani va ularning barchasi bilan chegaradoshligi;
  • milliy, madaniy, diniy va ijtimoiy-iqtisodiy qadriyatlarning oʻxshash va yaqinligi;
  • umumiy transport va energetika kommunikatsiyalarining mavjudligi;
  • mintaqadagi suv resurslarining oʻzaro oqilona taqsimoti;
  • mintaqada ekologik, xavfsizlik va barqarorlik masalalarining umumiyligi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida koʻpgina sohalar qatori tashqi siyosat sohasida 2021-yilda amalga oshirish ustuvor boʻlgan vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlardan kelib chiqqan holda 2012-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat Konsepsiyasi takomillashtirilishi qayd etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlari bilan koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlash masalasiga 2021-yilda ham jiddiy eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi.

Shu maʼnoda nutqda “Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bogʻliq va kerak ekanligimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi”, deya taʼkidlandi.

Bu boradagi ijobiy tajribalarni chuqur oʻrganish va yanada rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan shu yil 15-yanvarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo davlatlari bilan amaliy hamkorlik istiqbollari va mintaqaviy tadqiqotlarning dolzarb masalalari” mavzusida anjuman oʻtkazilgani eʼtiborga molikdir.

Unda mamlakatimiz ekspertlari, olimlari va qoʻshni davlatlardagi elchilari ishtirok etib, mintaqaviy jarayonlarning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar va bu boradagi ilmiy tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olishgani murojaatnomada belgilangan muhim vazifalarni bajarish yoʻlida amaliy qadam boʻldi.

Statistik maʼlumotlarga murojaat qilsak, Markaziy Osiyo davlatlarida oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi 2019-yilda 2016-yilga nisbatan 56 foizga oʻsganini kuzatish mumkin. Garchi murakkab pandemiya tufayli oʻtgan yili ushbu raqamlar biroz pasaygan boʻlsa-da, oʻsish koʻrsatkichlarini taʼminlash uchun joriy yilda barcha asoslar yetarlidir.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Murojaatnomada tashqi siyosatimizning eng ustuvor yoʻnalishi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida urgʻu qaratgani joriy yilda oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirish borasida ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama hamkorlik borasida gʻoyatda samarali boʻlishidan yaqqol dalolat beradi.

Uchqun DOʻSTOV,
JIDU oʻqituvchisi,
siyosatshunoslik fanlari nomzodi

Manba: OʻzA