22.01.2021 2913

15-yanvar 2020-yil, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Yunusobod tumani faollari bilan uchrashib, yoshlarning takliflarini eshitdi. Ushbu uchrashuvda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Gulruhbonu Shokirova ham so‘zga chiqib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining amaliyot jarayonini O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalarida amalga oshirish taklifini berdi. 

“O‘tgan yili Yunusobod tumanidagi 250-sonli maktabni oltin medal bilan tamomladim. O‘qish davrida ona tili va adabiyoti fanidan olimpiadalar, insho yozish va she’riyat bo‘yicha turli ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Bundan tashqari, ingliz tilini ham o‘rganishga alohida ahamiyat qaratib, 16 yoshimdayoq IELTS sertifikatidan 7 ballga ega bo‘ldim. Maktabni tamomlagach, Amerika, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Polsha, Kanada kabi mamlakatlarda joylashgan top-500 talikka kiruvchi oliy o‘quv yurtlarining 43 tasiga talabalikka tavsiya etildim. O‘zbekistondagi milliy oliy ta’lim muassasalarining imtihonlarida ham qatnashib, eng yuqori ball, ya’ni 189 ball bilan beshta universitetga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildim. Ammo men o‘zimizdagi barcha sharoitlarga ega zamonaviy universitetlardan birida o‘qishga qaror qildim. Hozir 17 yoshdaman va Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro iqtisodiyot va menejment fakultetida tahsil olyapman. Men kelajakda xalqaro darajadagi iqtisodchi bo‘lmoqchiman.

Davlatimiz Rahbari 17 yoshli talaba Gulruhbonu Shokirovaning taklifini qo‘llab-quvvatlab, unga O‘zbekistonning AQSh dagi elchixonasida amaliyot o‘tab kelish imkoniyati berildi. Prezidentimiz yuqorida bildirilgan taklifga javoban, bu bo‘yicha tegishli qaror chiqarilishini ta’kidlab o‘tdilar hamda JIDU talabasi Gulruhbonu Shokirovaga istalgan vaqtda AQShning elchisonasiga borib ishlab kelish imkoniyati taqdim etildi. Shuningdek, Prezidentimiz “Siz kabi qizlarimdan faxrlanaman va o‘zbek millati vakili sifatida butun dunyoga ibrat bo‘lishlaringizni istayman!”, — deb ta'kidlab o'tdilar.