Jamiyat taraqqiyotida barkamol avlodni tarbiyalab beradigan onalarimizning roli katta
11.01.2021 2332
Qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish, tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, ish va uy-joy bilan taʼminlashga, onalik va bolalikni muhofaza qilishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.
Binobarin, “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya ilgari surilayotgan ekan, bunda xotin-qizlarimizning ishtirokisiz erishib boʻlmaydi.
Har qanday jamiyat taraqqiyotida sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalab beradigan onalarimizning roli beqiyosdir.
Eʼtibor berib qarasak, pandemiyaning birinchi kunidanoq xalq sogʻligʻi yoʻlida oʻzini fido qilish uchun yeng shimarib chiqqanlar ham tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida mehnat qilayotgan xotin-qiz hamshiralar, tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimidagi ayollarimiz ham boʻldi.
Shu maʼnoda yangi Oʻzbekistondagi islohotlar koʻlami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, gʻayratli ayollarimiz mustahkam tayanch va tirgak boʻlmoqda.
Biz oʻz oldimizga qoʻygan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadga maʼrifatli va ziyoli, jahon ilm-fani bilan bemalol boʻylasha oladigan xotin-qizlarimizning maʼnaviy koʻmagida yanada tezroq yetishimiz, xalqimizning asriy orzu-umidlarini toʻliq roʻyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanishimiz mumkin.
Oʻzbekistonda 25 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil va qizlarning 100 foiz savodxonligi ilm va fanda har qanday yangi taraqqiyot davrini boshlash uchun muhim zamin hisoblanadi. Bu dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichga ega kam sonli davlat qatorida ekanimizni tasdiqlaydi.
Chunki yoshlarimizga bogʻchadan tortib, oliygohgacha taʼlim va tarbiya beradigan, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida kamolga yetkazadigan muhim qudrat manba – bu xotin-qizlarimizdir.
Shu maʼnoda biz pedagoglarning malakasini oshirish, mashaqqatli mehnatimizni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, murabbiylarga jamiyatdagi eng nufuzli va obroʻli kasb deb qarala boshlaganini samimiy eʼtirof etamiz.
Bundan tashqari, oliygohlar va taʼlim tizimining quyi boʻgʻinlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkaziladigan boʻldi. Shuningdek, 187 ta texnikum ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktirilishi katta niyatlar yoʻlidagi amaliy yechim sanaladi.
Oliygohlarda oʻqish ishtiyoqida boʻlgan yoshlarimizning bu taʼlim bosqichga qamrab olish koʻrsatkichi yil sayin oshirib borilayotgani bejiz emas. Zero, oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, oʻrta maʼlumotga ega 35 foiz, oliy maʼlumotga ega 68 foiz xotin-qizlar mehnat bilan bandlar.
Qolaversa, biz endilikda nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirishimiz, ular bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zaruriyati qayd etildi.
Yangi yilda 30 ta yetakchi oliygohga oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi berilmoqda. Bu ham ularning imkoniyat koʻlamini oshiradi.
Murojaatnomada keltirilganidek, bu yil ham oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi, oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshiriladi. Jahonning mana-man degan davlatlari ham bunday qatʼiy qarorlar qabul qilish uchun bir necha oʻn yillar kerak boʻladi.
Aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi ochigʻi, pandemiya davrida qiynalgan va ehtiyojmand qizlarimiz koʻngliga malham boʻladi.
Sohada raqobat muhitini yaratish maqsadida xususiy oliygohlarga ham zarur mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini berish tizimi yoʻlga qoʻyilishi bilimli va iqtidorli yoshlarni oliygohlarga keng jalb qilishga xizmat qiladi.
Bu yil “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilishi ayniqsa eʼtirofga loyiq.
Ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkazilib, ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qoʻshimcha 240 milliard soʻm ajratilmoqda.
Xalqaro amaliyot asosida dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati oʻz yoʻnalishi boʻyicha nufuzli boʻlgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga oʻtkazilishi ham juda toʻgʻri va zamon talabiga mos qaror deb hisoblaymiz.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta oʻrganilgani, shu asosda “Ayollar daftari” shakllantirilgani, kompleks va nostandart yondashuvlar, ishonchli ijtimoiy kafolatlar dunyoda muqobili yoʻq tizimdir.
Qolaversa, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilangan. Parlamentimiz yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iboratligi xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish boʻyicha olib borgan islohotlarning yorqin natijasidir. Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgan.
Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish ularga yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor ayollardan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etilayotgani va unga Senat Raisi rahbarlik qilishi ham katta yutuqdir.
Bir soʻz bilan aytganda bugungi saʼy-harakatlarning barchasi mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berishga yoʻnaltirilgandir.
Sayyora Tillaxoʻjayeva,
Aziza Rajabova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻqituvchilari
Manba: OʻzA