04.01.2021 24113

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotganiga jiddiy tashvish bildirilib, bu masalada qoʻshni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi ekologik fojiasi taʼsirini yumshatishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qatʼiy davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz, deya taʼkidlandi.

Darhaqiqat, Orol dengizi qurishi nafaqat mintaqamiz, balki global darajadagi ekologik ofat markaziga aylandi. Shu sababli oʻtgan yili sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ham, 2017-yildagi 72-cessiyada ham muhtaram Prezidentimiz bu masalani kun tartibiga alohida qoʻygan edilar.

Oʻshanda tarixda birinchi bor, BMT oliy minbarida Prezidentimiz dengizning xaritasini butun jahon hamjamiyatiga koʻrsatib, muammoning nechogʻli chuqur va naqadar murakkab ekanligini kuyunchaklik bilan ochib bergan edilar.

Oʻtgan yili esa Yurtboshimiz Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash taklifini bildirganlari bejiz emas.

Binobarin, dengizning qurigan tubida, Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududida paydo boʻlgan 5,5 million gektar maydondan har yili 75 million tonna chang va zaharli tuzlar atmosferaga koʻtarilib, olis Pomir, Tyan-Shan, hatto Grenlandiya, Arktika muzliklari va Norvegiya oʻrmonlariga qadar yetib bormoqda.

Albatta, mamlakatimiz tashabbusi bilan 2017-yilda Orolboʻyi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast fondi tuzilgan boʻlib, u ogʻir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam koʻrsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi boʻlib xizmat qilmoqda.

Mazkur fondga Norvegiya, Finlyandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi, Germaniya, BAA, Turkiya, Shveysariya kabi davlatlar donorlik yordamlarini koʻrsatib, katta qiziqish bildirayotgani uning istiqboli katta ekanligini koʻrsatadi.

Biroq ochigʻini aytish kerak, ayni paytda asosiy ishlar Oʻzbekistonning oʻz zimmasiga tushmoqda, misli koʻrilmagan ishlarga ketayotgan xarajatlar asosan, respublika va mahalliy byudjet va xayriya mablagʻlaridan qoplab kelinmoqda.

Murojaatnomadagi asosli va oʻrinli taklif ham Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning izchil va mantiqiy davomi boʻlib, soʻnggi toʻrt yilda dengiz tubining qurigan qismida bir yarim million gektarga yaqin yerlarda oʻrmon va butazorlar tashkil etilgani, joriy yilda bunga yana 700 ming gektar yer qoʻshilishi mamlakatimiz olib borayotgan ishlar koʻlamining nechogʻli kattaligini isbotlab turibdi.

Bu yerda Oʻzbekistonning misli koʻrilmagan chora-tadbirlari oʻlaroq yaratilayotgan yangi oʻsimlik maydonlari, yaylovlar va daraxtzorlar tuproq qatlamini shakllantirishda, iqlim va atrof-muhitning sekin-asta oʻzgarishiga, Orol boʻyidagi ekologik xatar oqibatlarini yumshatishga, millionlab insonlar salomatligiga zararini kamaytirishga hissa qoʻshmoqda.

2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi, shuningdek Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan Orol dengizi havzasi va Orolboʻyi mintaqasida, unga yondosh Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida “yashil belbogʻ” yaratish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Oʻtgan yil 2-oktyabrdagi “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaliklar tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori esa bu maqsadlarni strategik ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Endilikda Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi faoliyatini kuchaytirish nihoyatda dolzarbdir. Oʻzi trast fondlar boshqaruv tizilmasi qarorlar qabul qilish, mablagʻlarni taqsimlash va hisobdorlik jarayonlaridagi aniqlik va tartiblilik bilan ajralib turadi. Butun dunyo miqyosidagi 50dan ortiq BMTning bu kabi fondlari oʻzining shaffoflik tamoyillari bilan ham gʻoyatda samarali ekanligini koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston bu borada ham yetarli tajriba toʻpladi va xalqaro hamjamiyatning bu ekologik muammo atrofida jipslashishi iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha global harakatlar strategiyasini toʻldirishga xizmat qiladi.

Hech shubhasiz, bunday intilishlar bu yerdagi aholining bandligini taʼminlash, iqtisodiy va hayot farovonligini oshirish bilan bogʻliq kompleks muammolar yechimida munosib oʻrin egallaydi.

Bu ekotizimlar muvozanatini tiklash va bioxilma-xillikni taʼminlashdan tashqari, infratuzilmalar yaratish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, qishloq xoʻjaligi va sayyohlikni rivojlantirish orqali hududdagi 100 mingga yaqin aholining bandligini, ekologik va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash imkoniyatini yaratadi.

Shu maʼnoda Murojaatnomada koʻtarilgan bu tashabbus Oʻzbekistonning mintaqaviy va global ekologik muammolar yechimida shunchaki oddiy tomoshabin sifatida emas, balki uning yechimiga amaliy harakat qilayotgan jonkuyar va faol ishtirokchi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashga qaratilgandir.

Komiljon KARIMOV,
JIDU rektori, siyosiy fanlar nomzodi

Manba: OʻzA