23.11.2020 4287

Mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasi tomonidan Hindistonning “Tillotoma Foundation” tashkiloti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda islohotlar jarayoni va o‘zbek-hind aloqalari” mavzusida vebinar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayev, “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJning Investitsiyalar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Bahodir Ayupov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nodira Berdimuratova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Eʼtibor Sultonova va mazkur universitet doktoranti Ilhom Mo‘minov hamda universitet talabalari ishtirok etdi.

Shuningdek, Hindiston tomonidan “Tillotoma Foundation” tashkiloti direktori Soxam Das, Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi maslahatchisi Shipra Gosh, Fan va texnologiyalar vazirligi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sanjiv Kumar Varshney hamda Mudofaa tadqiqotlari va tahlili institutining G‘arbiy Osiyo markazi rahbari Mina Singx Roy o‘z maʼruzalari bilan qatnashdi.

Vebinar “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali onlayn uzatildi hamda 400 dan ortiq ishtirokchi tomonidan kuzatib borildi.

Tadbirni mamlakatimizning Hindistondagi elchisi kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda O‘zbekistondagi jadal islohotlar jarayoni, O‘zbekiston-Hindiston aloqalari va o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida qatnashchilarga batafsil axborot berdi.

O‘zbekiston vakillari tomonidan taʼlim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm va hamkorlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlarida maʼruza va taqdimotlar namoyish etildi.

Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi maslahatchisi Shipra Gosh O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga o‘z munosabatini bildirib quyidagilarni taʼkidladi: “2017 yildan hozirga qadar O‘zbekistonda faoliyat olib borar ekanman, o‘tgan vaqt mobaynida mamlakatdagi barcha sohalarda amalga oshirilayotgan samarali islohotlarning guvohi bo‘layapman”.

Hind diplomati O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta asosiy ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi mamlakat hayotidagi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbus ekanini taʼkidladi.

Sh.Gosh O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, inson huquqlarini himoya qilish sohasida tizimli va izchil ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Mamlakatning o‘z tarixida ilk bor BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanganini ushbu yo‘nalishlarda qisqa muddatlarda erishilgan ulkan yutuqlarning yaqqol isbоti sifatida eʼtirof etdi. Hind diplomati joriy yil 19 noyabr kuni “Zamin” fondi va BMTning ixtisoslashgan muassasalari hamkorligida tashkil etilgan «Bolalarning taʼlim olish huquqi: pandemiya davridagi dolzarblik, bardavomlik va innovatsiyalar» mavzusidagi veb-forumning amaliy ahamiyatiga yuqori baho berdi.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati haqida fikr bildirib, tomonlarning turli sohalarda o‘zaro tajriba almashishi va hamkorlikni rivojlantirishi uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini bildirdi. Xususan, O‘zbekistonda ayollarning jamiyat hayotidagi roli, mamlakat parlamentida tutgan faol o‘rniga ijobiy baho berib, ushbu yutuqlar Hindiston uchun ham o‘ziga hos tajriba va namuna bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Hindistonning Fan va texnologiyalar vazirligi Xalqaro hamkorlik departamenti boshlig‘i Sanjiv Kumar Varshney o‘z nutqida fan va texnologiyaning hozirgi zamonaviy tendensiyalari bilan uyg‘unligiga eʼtibor qaratib, ushbu sohada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi va buning uchun har ikki davlatda yetarlicha infratuzilma yaratilganini qayd etdi.

S.Varshneyning taʼkidlashicha, 2018 yil O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida imzolangan Fan va texnologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha shartnoma tomonlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ushbu hujjat asosida 2019 yil O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ikki mamlakat olim va tadqiqotchilari uchun qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi eʼlon qilindi. Tanlov natijasida ilm-fanning turli sohalari bo‘yicha ko‘plab loyihaviy takliflar jamlandi. Hozirgi vaqtda ushbu takliflarni amalga tadbiq etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mutaxassis fan va texnologiya sohasidagi ilmiy ishlar uzoq muddatga mo‘ljallangan investitsiya bo‘lib, bu ishlar vaqt o‘tishi bilan o‘zining samarali natijasini ko‘rsatishi, shu bois tegishli vazirliklar tomonidan ushbu sohadagi hamkorlikni rivojlantirish va amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

S.Varshney sohada yuqori natijalarga erishish uchun o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirish muhim ekanini taʼkidlab, talabalar almashish, yosh tadqiqotchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda tegishli loyihalar doirasida qisqa muddatli amaliyotlar o‘tkazishni taklif qildi. Joriy yil 22-25 dekabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Hindiston xalqaro ilm-fan festivali”da o‘zbekistonlik yosh olimlar va tadqiqotchilarni faol ishtirok etishga chaqirdi.

Hindiston mudofaa tadqiqotlari va tahlili instituti eksperti Mina Singx Roy o‘z maʼruzasida O‘zbekiston va Hindiston aloqalarining tarixi, bugungi holati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr bildirdi.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar anʼanaviy ravishda samimiy va do‘stona xarakteri va tarixiy mustahkam asoslari bilan ajralib turadi. Hozirgi kunga kelib ushbu aloqalar o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetmoqda. Buning eng asosiy omillaridan biri ikki davlat rahbarlari orasida ochiq, samimiy va muntazam muloqotlarning yo‘lga qo‘yilganligidir. So‘nggi yillarda tashkil etilgan oliy va yuqori darajadagi tashriflar buning yaqqol misolidir”, - deya taʼkidladi hind eksperti.

Mutaxassis fikriga ko‘ra, aloqalarni yana-da rivojlantirish uchun tomonlarda ulkan salohiyat mavjud.

Xususan, M.Roy Gujarat shtati va Andijon viloyati o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalariga yuqori baho berib, O‘zbekiston va Hindiston hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-iqtisodiy aloqalarning o‘rnatilishi mutlaqo yangi tashabbus ekanini va bu mexanizm amalda o‘zini oqlaganini taʼkidladi. Bu borada hududlararo hamkorlik munosabatlarining yana-da kengaytirilishi maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Bugungi kunda butun dunyoda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sog‘liqni saqlash tizimi va u bilan aloqador sohalarni yana-da takomillashtirish lozim ekanligini ko‘rsatdi. M.Roy mamlakatlar o‘rtasida zamonaviy tibbiyot tizimi bilan birgalikda ayurveda, yoga yo‘nalishlarida o‘zaro foydali aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirishga chaqirdi.

Har ikki davlat aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishini inobatga olib, ularning mamlakatlar rivojidagi muhim o‘rni alohida qayd etildi. Bu yo‘nalishda ham yaqin hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi tomonlar manfaatlariga birdek xizmat qilishi taʼkidlandi. 

“Tillotoma Foundation” tashkiloti direktori Soxam Das O‘zbekistonda turli yo‘nalishlarda ijobiy o‘zgarishlarni qayd etib, inson huquqlari, gender tengligi, taʼlim, fan va texnologiya sohalarida yuqori natijalarga erishilganini  alohida taʼkidladi.

Shu bilan birga, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq yillarga borib taqaluvchi tarixiy va madaniy aloqalar haqida to‘xtalib, mamlakatimizda milliy madaniyat va tarixiy merosni asrashga va targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlarni olqishladi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi mavjud imkoniyatlar haqida to‘xtalib, turizm salohiyatini targ‘ib etish bo‘yicha qo‘shma forum va seminarlar tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

 

Manba: "Dunyo" AA