20.10.2020 7382

Dunyoning ko‘hna tillaridan bo‘lmish turkiy tillarga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining bu oiladagi nufuzi va mavqeyi o‘zgacha. Tilshunos olimlar turkiy tillarning yirik uch lahjasi – qarluq, qipchoq, o‘g‘uzni birlashtirgan bu tilning qudrati va imkoniyatlarini yuqori baholaydilar. Ona tilimiz ne-ne tarix sinovlaridan o‘tdi, o‘zga tillar ta’siri ostida bo‘lsa-da, rivojlanishdan to‘xtamadi, necha bor tazyiqlar va to‘siqlarni yengib, g‘olib, muzaffar yashashda davom etdi. Tilimizning buyuk himoyachilari Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, jadid bobolarimiz, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon singari o‘lmas iste’dodlarimiz, qahramon shoirlarimizning bu boradagi xizmatlari mislsizdir.

Tilimiz o‘z mavqeyini qonun bilan mustahkamlagan, O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana – 21 - oktabr bu yili og‘ir pandemiya sharoitiga qaramasdan ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Ilgarilari norasmiy tarzda bayram qilinadigan kun bu yil ilk bor 2020-yil 10-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan O‘RQ-615-sonli “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra  rasman bayram deya e’tirof etilgani ham xalqimiz qalbida o‘zgacha shukuh uyg‘otdi. Bayram arafasida Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyevning BMT minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani esa buyuk tarixiy hodisa va bayramga go‘zal tuhfa bo‘ldi.

JIDUda O‘zbek tili bayrami “Boqiysan, iftixorimsan, ona tilim!” shiori ostida keng nishonlanmoqda. Ushbu tadbir doirasida 2020-yil 19-oktabrda O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Onlayn tarzda tashkil qilingan ushbu uchrashuvni Universitet rektori K.X. Karimov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Tadbirda  JIDU birinchi prorektori M.T. Baqoyev, universitetning Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori S.Saidqosimovlar so‘zga chiqib, barchani ushbu ayyom bilan qutlab,  bayramning o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladilar, yoshlarni tilimizni asrab-avaylashga chaqirdilar. Shundan so‘ng so‘z navbati tadbir mehmoni – Sirojiddin Sayyidga berildi. Taniqli shoirning tilimizning qudrati va go‘zalligini yorqin dalili bo‘lgan she’r-u g‘azallarga boy maroqli, qiziqarli, sermazmun nutqi tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi. Ayni paytda, shoir insonda adabiyotga, kitobga, jahon ma’naviyati durdonalariga muhabbat ezgu tuyg‘u ekanligini ta’kidladi,  ijodkorlik qobiliyatlarini tarbiyalash borasida amaliy takliflarni ilgari surdi, jumladan, JIDU qoshida Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tarjimonlar, ijodkorlar to‘garaklari tashkil etish borasida mulohazalar bildirildi. Shoir nutqidan so‘ng talabalar savollariga javob berdi. Qizg‘in savol-javoblar, jonli suhbat, talabalarning buyuk shoirlarimiz  she’rlari bilan chiqishlari  davraga o‘zgacha tarovat berdi.

Tadbir so‘ngida Sirojiddin Sayyid JIDUga mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakillarining kitoblarini sovg‘a qildi. Universitet rektori K.X. Karimov yakunlovchi nutq so‘zlab, aziz mehmonga tashrifi va hadyalari uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.