JIDU rahbariyati va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro aloqalar instituti o'rtasida o'tkazilgan on-layn muzokaralarda O'zbekiston-Turkmaniston munosabatlaridagi yangi tendentsiyalarni o'rganish, shuningdek yosh diplomatlarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi
12.10.2020 2231
Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasi va O'zbekistonning Ashxaboddagi elchixonasi ko'magida tashkil etilgan davra suhbati ishtirokchilari O'zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyevning prinsipial jihatdan yangi tashqi siyosati ko'p asrlik do'stlik, birodarlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik, shu jumladan fan va ta'lim sohalarida o'zbek-turkman aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan faol muloqot uchun keng shart-sharoitlar yaratayotganini alohida ta'kidab o’tdilar.
Birgina so'nggi uch yil ichida O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi tovar aylanmasi 55 foizga o'sdi. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha qo'shma hukumatlararo komissiya o'zaro tovar aylanmasini 500 million AQSh dollarigacha oshirishning real imkoniyatlarini ishlab chiqmoqda. Tomonlar o'zaro savdo hajmini oshirish hisobiga transport va tranzit sohasida hamkorlikni rivojlantirishmoqda va bu yo'nalishda mamlakatlarning raqobatbardoshligini oshirishga qat'iy qaror qildilar. Qishloq xo'jaligi texnikalari, avtomobillar va elektr jihozlarini birgalikda ishlab chiqarish, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish, chegaraoldi hududlar o'rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish, xizmat ko'rsatish va boshqa masalalar bo'yicha o'zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Ikki mamlakat tashqi siyosatining asosiy yo'nalishlari va xususiyatlarini, shu jumladan, 1995 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan tasdiqlangan Turkmanistonning doimiy betarafligi siyosatining roli va ahamiyatini chuqur ko'rib chiqish, shuningdek, Turkmaniston Prezidenti G. Berdimuhamedovning O'zbekistonga rasmiy tashrifi davomida imzolangan «Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro aloqalar instituti va JIDU bilan hamkorlik to'g'risidagi Memorandum »ini hayotga tadbiq qilish masalasi mutaxassislar uchrashuvining asosiy maqsadlari hisobanadi.
Uchrashuvda Y. Mammedov - Turkmanistonning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, A. Qo'chqorov - O'zbekistonning Turkmanistondagi favqulodda va muxtor elchisi, J.Gurbangeldiev - IMO rektori, K.Karimov - JIDU rektori, JIDUning xalqaro aloqalar bo'yicha prorektori Saidqosimov, IMO o'qituvchilari A.Djumagulyev va A.Omarova, JIDU bo’lim mudirlari A.Muxitdinov va O.Nayimov, JIDU kafedra rahbari U.Xasanov ishtirok etdi.
Ta’lim muassasalari rektorlari J.Gurbangeldiev va K.Karimov o'z universitetlarining ko'p qirrali faoliyati, ularning tarkibiy o'zgarishlari va kengayib borayotgan salohiyati haqida batafsil ma'lumot berishdi. Muhokamada global pandemiya sharoitida onlayn rejim texnologiyalaridanfoydalangan holda o'quv va ilmiy ishlarini tashkil etish bo'yicha tajriba almashishga alohida e'tibor qaratildi.
Elchi Y.Mammedov qo'shni davlatlarning ko'plab yangi yo'nalishlardagi o'zaro ta'sirining ijobiy dinamikasiga, xususan, ikki mamlakat talabalari va o'qituvchilarining o'zaro almashinuviga alohida e'tibor qaratdi va hozirgi kunda ikki mingga yaqin turkmanistonlik talabalar O'zbekistonning oliy o'quv yurtlarida tahsil olishayotganini ta'kidlab, davlatlarning yaxshi qo'shnichilik munosabatlarining istiqbollari, Turkmanistonning doimiy betarafligi maqomining 25 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko’rilayotgani haqida batafsil gapirib berdi. Shuningdek JIDU talabalari bilan o'z davlatining tashqi siyosatining asosiy yo'nalishlari va xususiyatlari to'g'risida navbatdagi onlayn ma'ruza bilan suhbatlashish istagini bildirdi.
Elchi A.Qo'chqorov aniq misollardan foydalangan holda, O'zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoevning faol ravishda tubdan amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasi, birodar xalqlar o'rtasidagi do'stlikning tarixiy kelib chiqishi to'g'risida gapirib o'tdi va ikki universitet o'rtasidagi hamkorlik, xususan, mintaqaviy va xalqaro siyosatimizda davlat rahbarlarining tashabbuslariga bag'ishlangan qo'shma tadbirlarni tashkil etish bo'yicha bir qator konstruktiv takliflarni ilgari surdi.
O'zbekiston tomonidan tadbir moderatori prof. Saidkassimov mamlakatlarimiz umumiy tarixiy, ma'naviy va gumanitar qadriyatlarga ega ekanligini va nmustaqillik yillarida davlatlararo o'zaro munosabatlarning turli sohalarida o'zaro hurmat, yaxshi qo'shnichilik va aniq maqsadli muloqot asosida ishbilarmonlik sherikchilikni rivojlantirish uchun mustahkam siyosiy va huquqiy baza yaratilganini alohida ta’kidlab o’tdi. Bunga misol sifatida, xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida Maxtumquli nomidagi yodgorligining ochilishi va ko'chalarni nomlanishi, shuningdek, o'zbek va turkman xalqlarining do'stligi va birodarligi belgisi sifatida ulkan "Ashxabod" madaniyat va istirohat bog'ining tashkil etilishi keltirib o’tishimiz mumkin. Prof. S.Saidqosimov professor-o'qituvchilar, doktorantlar, magistrantlar va talabalar o'rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish orqali ikki nufuzli universitetning intellektual imkoniyatlarini birlashtirishning aniq yo'nalishlarini taklif qildi. Turkmaniston Prezidenti G. Berdimuhamedovning rus va ingliz tillarida, JIDU axborot-resurs markazidagi Universitet kutubxonasiga ko'p sonda sovg'a qilgan kitoblarining taqdimotini tashkil qilganligi uchun elchi Y.Mammedovga minnatdorchilik bildirildi.
Doktor U. Xasanov JIDU o'quv dasturlarining o'ziga xos xususiyatlarini ochib berdi, talabalar tomonidan Turkmanistonning doimiy betarafligi siyosiy ahamiyati mavzusini o'rganishga, Ashxoboddagi BMTning Preventiv Diplomatiya Markazining faol ishlariga e'tibor qaratdi.
Davra suhbati doirasida faol fikr almashish jarayonida talabalar, magistrlar, o'qituvchilar, shuningdek ilmiy nashrlar almashinuvida hamkorlikni kengaytirish, qo'shma izlanishlar olib borish, onlayn ilmiy konferensiyalar va seminarlar o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi.