24.09.2020 2283

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida dunyo jamoatchiligi diqqat-eʼtiborini barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini yanada oshirish masalasiga qaratdi.

Mazkur gʻoyatda muhim omil davlatimiz rahbari tomonidan barqaror taraqqiyot, samarali boshqaruv, demokratiya va parlamentarizm anʼanalarining oʻzaro bogʻliq qadriyatlar sifatida munosib eʼtirof etilayotganligini koʻrsatadi.

Darhaqiqat, soʻnggi paytlarda parlamentlararo hamkorlik xalqaro munosabatlarning gʻoyatda muhim va ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Zamonaviy parlamentlar hamda ularning koʻp sonli mintaqaviy va xalqaro tashkilotlari davrimizning eng murakkab muamolarini bartaraf etishga har qachongidan ham kengroq jalb etilmoqda.

Parlamentlar anʼanaviy qonun ijodkorligi, vakillik va nazorat funksiyalaridan tashqari tashqi siyosat va xalqaro masalalar, shuningdek, barqaror ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot, urush va tinchlik masalalari, iqlim oʻzgarishlari, global pandemiya va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash kabi umumjahon taraqqiyotining eng keskin muammolarini yechishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Taʼkidlash joizki, dunyo parlamentariylarining Parlamentlararo Ittifoq yetakchiligidagi demokratiya va parlamentarizm prinsiplarini targʻib qilish, inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlash, samarali boshqaruv va barqaror rivojlanishni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari BMT tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda.

Global taraqqiyot dasturlarida belgilab qoʻyilgan olamshumul maqsadlarga erishishda Parlamentlararo Ittifoq shafeligida parlamentariylar bilan umumiy intilishlarni jipslashtirish ayniqsa muhim.

Barqaror taraqqiyot yoʻlida mazkur ikki nufuzli tashkilot oʻrtasidagi izchil hamkorlikning kuchayishi xalqaro munosabatlarda parlament omilining yanada yuksalishiga, parlamentlarning xalqaro jarayonlarning oʻziga xos faol ishtirokchisiga aylanishiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz, shuningdek, barqaror taraqqiyotni taʼminlashda parlamentlar hamda xalqaro parlament institutlarining oʻrni va rolini oshirishga qaratilgan BMT maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish vaqti kelganligini alohida taʼkidladi.

Hech shubhasiz, global qarorlar qabul qilish jarayonlarida parlamentlarning oʻrni va rolining oʻsishi ularning yechimiga favqulodda turtki beradi. Qolaversa, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surilayotgan eng oliy maqsad va qadriyatlarga ruhiga mushtarakdir. Mamlakatimizning umumeʼtirof etilgan inson huquqlari, demokratiya va parlamentarizm prinsiplariga sodiqligini va siyosiy pragmatizmining yaqqol namoyon etadi.   

Binobarin, parlament diplomatiyasi nizo va ziddiyatlarni siyosiy muloqot vositasida hal etish, bir-birini toʻgʻri tushunish, oddiy insonlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, demokratiya va parlamentarizm birdamligini qoʻllab-quvvatlashning muhim vositasidir.

Prezidentimiz tomonidan parlamentlar hamkorligining dolzarbligi va qonun chiqaruvchi organlarning ahamiyatini oshirishga qaratilgan tashabbusi nafaqat original va oʻziga xosligi bilan, balki zamonaviy global talablarni inobatga olgani bilan ham dunyo ahlida katta qiziqish uygʻotdi.

Otabek Nayimov,
Siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori

Manba: www.xabar.uz