22.09.2020 2891

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Oʻzbekiston Respublikasi  Prezidentining 1992-yil 23-sentyabrdagi "Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisida"gi Farmoniga asosan tashkil etilganligiga 28 yil toʻldi.

Universitet jahon iqtisodi va diplomatiya, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro munosabatlar, davlatlararo va tashqi iqtisodiy aloqalar, xalqaro huquq va xalqaro jurnalistika sohalarida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish boʻyicha asosiy taʼlim muassasasi deb hisoblanadi.

JIDU oʻziga biriktirilgan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha bakalavr, magistr, ilmiy ixtisosliklar boʻyicha fan nomzodi va fan doktorlarini tayyorlash huquqiga ega boʻlgan oliy oʻquv yurti.

Universitetning asosiy maqsadi - Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, shuningdek boshqa vazirlik va idoralarning talab va takliflariga muvofiq hamda boshqa buyurtmachilarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oʻz taʼlim sohasi va ilmiy ixtisosligi boʻyicha mutaxassislarni, ilmiy-pedagogik va ilmiy-tadqiqot sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-iyundagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3795-sonli Qaroriga muvofiq Universitetga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

  • ilgʻor xorijiy tajribadan, shu jumladan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar va ilmiy ishlanmalardan foydalanish, mamlakatdagi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish asosida respublika tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati sohasida xalqaro mutaxassislarni tayyorlashning yuqori sifatini taʼminlash;
  • talabalarning mustaqil tayyorgarlik koʻrishini chuqurlashtirishni, ularda tahliliy fikrlashni, mustahkam kasbiy koʻnikmalarni, yuksak maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishni taʼminlaydigan oʻquv rejalari va dasturlarining amaliy mazmunini kuchaytirish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa sohaviy vazirlik va idoralarning doimiy yangilanib turadigan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xalqaro sohadagi kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
  • xalqaro munosabatlar, xorijlik sheriklar bilan hamkorlik, mamlakatimizning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati rivojlanishining prognoz baholarini va istiqbollarini ishlab chiqishga qaratilgan fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish;
  • xalqaro munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
  • xorijiy mamlakatlarning rasmiy tadbirlari va delegatsiyalariga yuksak darajada hamrohlik qilishni taʼminlashga safarbar etilgan yuqori malakali professional tarjimonlar hamda gidlarni oʻqitishning zamonaviy uslublari va vositalaridan foydalangan holda tashkil etish.

 Bugungi kunda JIDU rahbariyati hamda professor-oʻqituvchilari oldiga qator yangi vazifalar qoʻyilgan: universitetni kredit-modul tizimiga oʻtkazish (1 kursdan boshlab), malaka talablarini qaytadan koʻrib chiqish, bunda talabalar bilimini bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda xalqaro xuquq, xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro siyosat va siyosatshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha malakaviy koʻnikmalarni shakllantirish, talabalar bilimlarini chuqurlashtirishga qaratilgan oʻquv dasturlarini yaratish, ularni qayta koʻrib chiqish ishlari olib borilmoqda. JIDUning oliy oʻquv yurti sifatidagi maqsadli vazifalarini ijro etish koʻzda tutilmoqda.

JIDU bitiruvchilari xozirgi kunda nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tarkibida balqi boshqa qator xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekiston elchixonalarida hamda diplomatik vakolatxonalarida oʻz diplomatik faoliyatini samarali olib bormoqdalar.

Universitet tarkibiy tuzilmasiga Oliy diplomatiya maktabi, Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi, Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq markazi, Tayyorlov kurslari va Akademik litsey kiradi.