11.09.2020 2432

O`zbekistonda oliy ta`limni isloh qilish va yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlari ijrosi yo`lida, ayniqsa, jahon oliy ta`lim makoniga integratsiyalashuv, ilg`or xorijiy oliygohlar bilan ta`lim va tadqiqotchilik sohasida hamkorlikni kengaytirishda xalqaro ta`lim grant loyihalarining ahamiyati kattadir.

2020-yilda o`tkazilgan xalqaro grant tanlovlarida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti muvaffaqiyatli natijalarni qo`lga kiritdi. Universitet qo`shma magistratura dasturi loyihasi doirasida Yevropa universitetlari konsorsiumiga a`zo bo`lib kirdi. Shuningdek, Universitetning Toshkent Yevropa tadqiqotlari markazi loyihasi Yevropa Ittifoqining Erasmus + Jan Mone dasturi doirasida xalqaro tanlovda ishtirok etgan 1447 ta loyiha ichidan Yevropa Komissiyasi tomonidan moliyalashtirish uchun tanlab olindi. Shu tarzda, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mazkur yo`nalishda uzluksiz to`rtincha marta xalqaro tanlov go`libi bo`ldi. Loyiha o`z nufuzi va ta`sir ko`lami bo`yicha, nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan birinchi eng yirik loyihadir.

Mazkur loyiha 3 yilga mo`ljallangan bo`lib, 2020-2023 yillarni qamrab oladi. Loyihaning asosiy maqsadi xalqaro siyosat, mintaqaviy integratsiyaviy jarayonlar, Yevropa Ittifoqi, xususan, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabatlari sohasida ta`lim va tadqiqotchilikni qo`llab quvvatlashdir. Shu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkent Yevropa tadqiqotlari markazi respublikamiz miqyosida siyosiy, iqtisodiy va huquqiy ta`lim va tadqiqotchilikni muvofiqlashtiradi, ilmiy metodologik hab vazifasini bajaradi.

Loyiha doirasida xalqaro savdo standartlari, Yevropa huquqi, siyosiy va falsafiy nazariyalar rivojiga oid bir qator yangi fanlar o`qitiladi. Yevropa bozoriga mahsulotlar eksport qilish, Yevropa huquqi tajribalarini o`rganish hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo aloqalariga oid ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Xalqaro siyosat va jahon iqtisodiyotining dolzard muammolariga bag`ishlangan 3 ta respublika va 3 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etiladi, 36 ta davra suhbatlari uyushtiriladi. 30 dan ortiq xorijiy ilmiy safarlar amalga oshiriladi. Loyiha davomida 84 ta turdagi nashrlar chop etiladi. O`zbek olimlarini jahonga tanitish maqsadida expert-olimlarimizning elektron va bosma shakldagi katalogi yaratiladi hamda ular haqidagi ma`lumotlar xalqaro ma`lumotlarning integratsiyalashgan bazasiga kiritiladi.

O`zbekistonlik talabalar uchun bepul Fransuz-Nemis-O`zbek yozgi universiteti kurslari tashkil etiladi. Har yili yozda Fransiya va Germaniyalik atoqli professorlar talabalarimiz uchun ma`ruzalar taqdim etadi, ustoz-shogird an`analarimizning chegara bilmas yangi shakllari namoyon bo`ladi.

Loyiha respublikamizning eng chekka burchaklarida ilm-fan bilan shug`illanayotgan bo`lg`usi olimlarimizni qo`llab-quvvatlaydi. Yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy tanlovlar o`tkazadi, ularning ilmiy ishlanmalarini ommalashtiradi, maqola va tezislarini bepul chop etib boradi, tanlov g`oliblari salmoqli pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Hech bir iqtidor sohibi qayerda bo`lmasin, e`tibordan chetda qolmaydi.

Viloyat va tumanlarda faoliyat ko`rsatuvchi oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlik qilish loyihaning ustivor maqsadlaridan biridir. Loyiha doirasida poytaxtda tashkil etiladigan ilmiy anjumanlarda ularning vakillarining ishtiroki bepul ta`minlanadi, ishtirokchilarning transport, turar-joy va kundalik xarajatlari bekami-ko`st qoplab beriladi, tadbirlardagi faol ishtiroki alohida imtiyozli taqdirlanadi. Viloyat va tumanlarda ilmiy salohiyatni rag`batlantirish, oliy ta`lim va ilm-fanni respublikamiz miqyosida yaxlit rivojlantirish loyihaning strategik maqsadidir.

Loyihaning yana bir o`ziga xos jihati shundaki, unda qo`shni respublikalarda joylashgan oliy talim va tadqiqotchilik muassasalari bilan hamkorlikka keng o`rin berilgan. Loyiha tadbirlarida Markaziy Osiyoda joylashgan har qanday oliy ta`lim muassasalarining vakillari bevosita ishtirok etishi mumkin. Fan va ta`limning eng yangi natijalari, birinchi galda, eng yaqin qo`shnilarimiz bilan baham ko`riladi. Markaziy Osiyolik olim va tadqiqotchilarning ilmiy anjumanlardagi ishtiroki bepul ta`minlanadi, ilmiy asarlari bepul chop etiladi. Ular bilan hamkorlikdagi qo`shma ilmiy tadqiqotlar qo`llab-quvvatlanadi, mintaqaviy umumiy muammolarga birgalikda imiy yechim izlanadi. Shu tariqa, mazkur loyiha azal-azaldan ilm-fan qadrlangan mintaqamizda qardosh qo`shnilarimiz bilan qadimiy do`stlik va qardoshlik an`analarimizni qayta tiklash va yanada rivojlantirishga o`z hissasini qo`shadi.

Loyiha respublikamizdagi tegishli davlat idoralari, Yevopadagi elchixonalarimiz, Yevropa davlatlarining yurtimizdagi diplomatik vakolatxonalari, ta`lim va tadqiqotchilik muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar milliy va jahon ommaviy axborot vositalari orqali yoritib boriladi.

Toshkent Yevropa tadqiqotlari markazi loyihasiga xush kelibsiz!

Manba: Toshkent Yevropa tadqiqotlari markazi loyihasi kotibiyati.