02.09.2020 3183

- O'zbek diplomatiyasi tizimida yoshlarni targ'ib qilish, o'qitish va yosh kadrlarni tayyorlash masalalari qanday hal qilinmoqda?

Respublikamiz rahbariyati tomonidan kadrlar tayyorlashning barcha tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan va O‘zbekistonning dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar qatorida mustaqil izchil rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan katta miqdordagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bu borada asosiy e’tibor davlatimiz manfaatlarini xalqaro maydonda faol va muvaffaqiyatli ilgari sura oladigan xalqaro munosabatlar sohasida yosh mutaxassislar hamda o‘zbek diplomatiyasi uchun professional kadrlarni tayyorlashga qaratilmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro aloqalarini kengaytirish, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini va rolini mustahkamlash bo‘yicha yangi vazifalarni samarali bajara oladigan diplomatik xizmat uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini yaratish choralari ko‘rildi.

Jumladan, 2018-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bugungi kunda JIDU – xalqaro iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar, xalqaro huquq sohalarida mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi asosiy oliy ta’lim muassasasi, ta’bir joiz bo‘lsa, yetakchi universitet hisoblanadi.

JIDUni o‘z tizimiga olgan tashqi siyosiy mahkama rahbari sifatida shuni tasdiqlashim mumkinki, keyingi yillarda respublikaning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati sohasidagi xalqaro mutaxassislarni tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yuqori darajaga olib chiqishga erishildi. Bunda, shu jumladan chet el tajribasidan foydalanildi hamda universitetning o‘z ilmiy va amaliy tadqiqotlari yanada rivojlantirildi.

Sodda qilib aytganda, universitetning munosib professor-o‘qituvchilari tarkibi shakllantirildi, murakkab tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan kasb malakasi, chuqur bilim va tahliliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan o‘zbek diplomatiyasining yosh bilimli kadrlari tarbiyalandi. Bugungi kunda JIDU bitiruvchilari O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari, respublikaning xalqaro tashkilotlardagi vakillari, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosarlari sifatida, shuningdek, mamlakatning boshqa muhim vazirlik va idoralarida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritmoqda.

Biz O‘zbekiston diplomatiyasini zamonaviy talablarga javob beradigan, xalqaro maydonda O‘zbekiston Respublikasining milliy-davlat manfaatlarini mas’uliyatli va samarali himoya qiladigan darajada takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri Lutfulla Suvonov suhbatlashdi

Автор: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi, 27.08.2020-yil.

Suhbatning to'liq matni bilan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida tanishishingiz mumkin

https://mfa.uz/ru/press/news/2020/08/24611/