17.08.2020 3302

Oʻzbekiston fani, barcha ilm-maʼrifat ahli, shu jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti jamoasi ogʻir judolikka uchradi. 2020-yil 17-avgust kuni yuridik fanlar nomzodi, dotsent Muminov Abdulhay Rashidovich vafot etdi.

Abdulhay Rashidovich ziyolilar oilasida dunyoga kelib, chuqur bilimli, yuksak maʼnaviyatli, keng ilmiy mushohadaga ega, eng avvalo oʻziga va atrofdagilarga nihoyatda talabchan, zabardast olim darajasiga koʻtarilgan yorqin shaxs edi. 1993-yil Toshkent davlat universitetining tarix fakultetini, 1997-yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro huquq” fakultetini “Xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2005-yil “O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO bilan hamkorligining xalqaro-huquqiy masalalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olgan.

O‘qishni tamomlagandan so‘ng, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining YUNESKO Inson huquqlari, tinchlik, demokratiya, bag‘rikenglik va xalqaro tushunish kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, kafedra mudiri v.b., dotsent lavozimlarida ishlagan.

2018-yilga qadar JIDU YUNESKO Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasining mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Yuridik fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun “O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohada ixtisoslashgan universal tashkilotlar bilan xalqaro-huquqiy hamkorligi” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda edi.

Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Vengriya, Ispaniya, J.Koreya, Xindiston, Rossiya Federatsiyasi, kabi xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot markazlarida malaka oshirish kurslari, xalqaro seminar va konferensiyalarda o‘z bilim va malakasini oshirishi bilan bir qatorda, ilmiy ma’ruzalar bilan chiqishlar ham qilgan.

A.Muminov oʻnlab doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarga ilmiy rahbar boʻlib, jonkuyar va dono maslahatchi sifatida koʻplab shogirdlar tayyorladi. U 70 yildan ortiq ilmiy ishlanmalar muallifi.

Ustoz A.Muminovning koʻp yillik faoliyati Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan chambarchas bogʻliq. U talabalikni tugallashi bilanoq professional diplomatlar, xalqaro huquqshunoslar, jahon iqtisodiyoti va savdosi boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash kabi oʻta masʼuliyatli vazifani yuqori darajada bajarishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib keldi.

Ustoz JIDUning ilmiy salohiyatini oshirish, oʻquv fanlarini tobora takomillashtirib borish, oʻquv jarayonining oʻziga xosligini taʼminlash, nazariya va amaliyot masalalari boʻyicha doimo oʻzining qimmatli maslahatlarini berib keldi.  Uning professor-oʻqituvchilar tizimini shakllantirishdagi xizmatlari ayniqsa beqiyosdir. U yillar davomida tinimsiz mehnati bilan yoshlarning pedagogik malakasini oshirishda jonbozlik koʻrsatardi.

Ustozimiz Abdulhay Rashidovichning yorqin hayot yoʻli, ilmiy merosi, pedagogik mahorati, rahbarlik tajribasi, eng muhimi – oʻta halollik, toʻgʻrilik, ochiq koʻngillik, hamdardlik, mehribonlik, doimo yaxshilikka yoʻnaltirilgan barcha olijanob insoniy fazilatlari   bir umrga unutilmas oʻrnak boʻlib qoldi.

JIDU jamoasi Ustoz A.R.Muminovning  oila aʼzolari, yaqinlari va shogirdlariga oʻzining chuqur taʼziyasi va samimiy hamdardligini bildiradi.