10.08.2020 2380

Soʻnggi oylarda dunyo hamjamiyati katta oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. COVID-19 barcha sohalar qatorida taʼlimga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Pandemiyani kamaytirish maqsadida barcha taʼlim muassasalari  onlayn oʻqitish rejimiga oʻtishdi. Ushbu jarayonda koʻplab taʼlim muassasalarining bunday ekstremal xolatga tayyor emasligi maʼlum boʻldi. Bunday xolatda texnik taʼminot, joylardagi internet tarmogʻining mavjudligi va sifati masalaning bir tomoni boʻlsa, onlayn darslarni uslubiy jihatdan toʻgʻri tashkil etish masalaning muhim ikkinchi tomonidir. Bir kunda auditoriyadagi minglab talabalar kompyuter ekranlari qarshisiga oʻtdilar. Taʼlim muassasalari esa taʼlim uzluksizligini saqlash maqsadida bor imkoniyatini ishga solib darslarni onlayn tarzda tashkil etishga harakat qildilar. Koʻp xollarda oflayn rejim(auditoriya)dan onlayn(masofaviy)ga oʻtish uslubiy emas, texnologik jihatdan amalga oshirildi xolos. Amaldagi maʼruza mashgʻulotlarini Zoom yoki shu kabi interfaol dasturlar yordamida oʻz formatini saqlagan xolda (oʻqituvchi gapiradi, talaba eshitadi) onlayn koʻrinishga oʻtkazildi. Telegram kanallari yoki elektron pochta orqali talabalarga vazifalar joʻnatildi va javoblar qabul qilindi. Bu jarayonda talabalarning yuklamasi ham, ularga topshiriqlar tayyorlash, joʻnatish, javoblarni qabul qilish va tekshirish kabi oʻqituvchilarning yuklamasi ham bir necha karra ortdi. Bularning barchasi samarali boʻldimi? Aslida onlayn oʻqitish samaradorligi nimalarga bogʻliq?

Anʼanaviy maʼruza darslarida bevosita auditoriya bilan yuzma-yuz muloqotdagi maʼruza oʻqish onlayn maʼruzadan katta farq qiladi. Maʼruza har qancha misollar, koʻrgazmali materiallar bilan boyitilgan boʻlsa-da, 15-20 minutdan soʻng talabalarning diqqati susaya boshlaydi. Shuning uchun nazariy materiallarni bir nechta kichik boʻlaklarga boʻlish va ularni talabalarga turli: video, audio, grafik va boshqa koʻrinishlarda taqdim etish lozim. Maʼruzani ham onlayn oʻqish shart emas. Tizimga yuklangan video maʼruzalarni oflayn tarzda talabalar oʻzlariga qulay boʻlgan vaqtda oʻrganib chiqishlari, onlayn vebinarlar chogʻida savol-javob tarzida mavzuni muhokama qilish ham yaxshi samara beradi.

Talabalardagi mavzu boʻyicha koʻnikma va malakalarni shakllantirishga yoʻnaltiriladigan amaliyot darslarini ham onlayn tarzda tashkil etish maʼlum qiyinchiliklar paydo qiladi. Klassik amaliyot darsi yoki seminar mashgʻulotida oʻqituvchi mavzuga oid topshiriq (savol, keys, misol, masala) beradi, talabalar uni bajaradilar. Topshiriqni bajarilish jarayonini, talabalar faolligini oʻqituvchi nazorat qiladi, boshqaradi va baholaydi. Onlayn darsda oʻqituvchi har bir talabani bevosita nazorat qila olmaydi. Bir xil topshiriqlarning berilishi talabalarning bir-biridan koʻchirishiga, topshiriq turlarining koʻpligi esa, ularni tayyorlash va tekshirishda oʻqituvchi yuklamasining ortishiga olib keladi. Bunday xollarda  mavzuni oʻzlashtirish va mustahkamlashga yoʻnaltirilgan, talabalar bilimini nazorat qilish va baholash imkonini ham beradigan axborot texnologiyalaridan foydalanish lozim.

Hozirgi kunda bunday texnologiyalarning turlari juda koʻp. Dunyoning koʻplab oliy taʼlim muassasalari oʻz taʼlim platformasiga ega. Ularda oʻqitishning oflayn va onlayn, shuningdek sinxron (barcha ishtirokchilar bir vaqtda) va asinxron (ishtirokchilar oʻzlariga qulay vaqtda) turlari aralash xolda tashkil etiladi. Respublikamizdagi koʻplab oliy taʼlim muassasalarida ham oʻqitishni boshqarish tizimlari (jumladan, Moodle)  tatbiq qilingan. Bu tizim Internet tarmogʻi orqali oʻquv jarayonini boshqarishga moʻljallangan maxsus tizim boʻlib, u ochiq kodli, tekin dasturiy taʼminot hisoblanadi. Undan oʻquv dasturlari asosida sifatli yaratilgan oʻquv kurslari yordamida bevosita dars jarayonida ham, shuningdek darsdan tashqari masofaviy ham oʻqitishni samarali tashkil etish mumkin. Moodle tizimida oʻquv materiallarini turli (matn, audio, video, taqdimot yoki grafik) formatlarda taqdim etish, bevosita onlayn maʼruzalar olib borish, chat va forumlar tashkil etish, shuningdek turli tizim elementlari yordamida talabalarni nazorat qilish va baholashning imkoniyatlari mavjud.

Shunday tizimlarda oʻquv kontentlari pandemiyaga qadar toʻgʻri shakllantirilgan universitetlar bu jarayondan nisbatan silliq oʻtishdi. Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham bir necha yillardan beri elektron taʼlim muhiti sifatida Moodle – taʼlimni boshqarish tizimidan foydalaniladi. Unda oʻquv rejadagi barcha fanlar boʻyicha oʻquv kurslari yaratilgan va oʻquv uslubiy majmua toʻla shakllantirilgan. Lekin, bunday natijalarga erishish ham osonlik bilan boʻlmadi. Maʼlumki, oʻquv jarayoniga Moodle tizimini tatbiq etishning muvaffaqiyati oʻquv kursini boshqaradigan oʻqituvchiga bogʻliq. Oʻqituvchilarni bu jarayonga tayyorlash uchun:

  1. Ularni tizimning imkoniyatlari bilan tanishtirish va oʻquv kursini yaratish boʻyicha malakalarini shakllantirish;
  2. Fanlar boʻyicha oʻquv kurslarini yaratish lozim.

Tabiiyki, boshida ayrim professor-oʻqituvchilarda (ayniqsa, yoshi ulugʻroqlarida) salbiy qarashlar boʻldi, chunki bunday tizimda ishlash uchun oʻzlarining kundalik oʻquv, uslubiy yuklamalari va ilmiy izlanishlaridan tashqari qoʻshimcha katta mehnat qilishlari  talab etilardi. Rahbariyatning qatʼiy talabi asosida, universitetning barcha professor-oʻqituvchilari tizimda ishlash koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida 72 soatlik malaka oshirish kurslariga jalb etildi.  Professor-oʻqituvchilarning Moodle tizimi bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish uchun “Moodle tizimida elektron taʼlimni tashkil etish” oʻquv dasturi ishlab chiqildi. Uning oʻquv-uslubiy majmuasi https://moodle2.uwed.uz url-manzilida Moodle tizimining imkoniyatlaridan toʻla foydalanilgan xolda oʻquv kursi sifatida shakllantirildi. Shu oʻquv kursi asosida malaka oshirish jarayonida barcha professor-oʻqituvchilar, parallel ravishda, oʻzlarining fani doirasida https://moodle2.uwed.uz saytida joylashgan Moodle oʻqitishni boshqarish tizimida oʻz oʻquv kurslarini yaratdilar va malaka oshirish kursi soʻngida uni taqdim etdilar.  Tayyorlangan oʻquv kurslari tarkibida universitet oʻquv boʻlimi xodimlari, kafedra mudirlari va Moodle tizimida ishlash boʻyicha yuqori tajribali oʻqituvchilar boʻlgan komissiya tomonidan tegishli mezonlar asosida baholandi. Professor-oʻqituvchilar ragʻbatlantirish maqsadida oʻquv kursini “aʼlo”ga (86-100 ball) oʻzlashtirgan oʻqituvchilarga keyingi bir oʻquv semestri davomida oʻz oylik maoshining 20% i miqdorida, shuningdek “yaxshi”ga (71-85 ball) oʻzlashtirganlarga 15% va “qoniqarli” yakunlarga 10% miqdorida ustama maoshlar belgilandi. Shuningdek, oʻquv yili davomida “Eng yaxshi oʻquv kursi”, “Eng yaxshi intefaol maʼruza”, “Eng yaxshi testlar bazasi” kabi tanlovlarning muntazam tashkil etilishi va unga professor-oʻqituvchilar jamoasining keng jalb etilishi ham universitet onlayn oʻqitish tizimining rivojlanishiga katta taʼsir qildi.

Shu ishlar samarasi oʻlaroq, pandemiya sharoitida ham universitet jamoasi oʻqitish sifatini saqlagan holda, ortiqcha qiyinchiliklarsiz onlayn oʻqitish tizimiga oʻtdi. Chunki oʻqituvchilar jamoasida ham, talabalarda ham bu tizimda ishlash koʻnikmalari yaxshi shakllangan edi. Shuningdek, karantin sharoitida ham tajribali oʻqituvchilar tomonidan tizimning qoʻshimcha imkoniyatlari boʻyicha oʻtkazilgan onlayn mahorat darslari asosida oʻquv kurslari yanada boyitildi. 

Oʻquv kontentidan tashqari Moodle tizimida tashkil etilgan turli hisobotlar asosida esa oʻquv jarayonining borishini kuzatish va natijalarni tez tahlil qilish mumkin.  Olingan natijalar asosida oʻz vaqtida koʻrilgan chora tadbirlar, shubhasiz oʻqitishni boshqarishda yaxshi samara berdi va oʻquv yili muvaffaqiyatli yakunlandi. Onlayn oʻqitish jarayonida raqamli texnologiyalarni oʻqitishning yangi imkoniyatlari sifatida koʻradigan oʻqituvchilarning ulushi keskin oshdi. Xatto, universitetdagi bu tizimning tatbigʻiga tanqidiy yondashadigan professor-oʻqituvchilarning qarashlari  ham tubdan oʻzgardi.

2020/21 oʻquv yilining yana onlayn tarzda boshlanishi oʻqituvchi-pedagoglar oldiga katta vazifalarni yuklaydi. Oʻquv materiallarini raqamli koʻrinishga oʻtkazish bilan birgalikda, ularni talabalarning hamma qatlamlariga birday yetkazishni taʼminlash, talabalar bilimlarida boʻshliqlar paydo boʻlmasligini kafolatlaydigan onlayn oʻqitishni  shakllantirishimiz lozim.

Pandemiyadan keyin ham endi hech narsa oldingidek boʻlmaydi, u hamma sohalarga, jumladan taʼlim sohasiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Balki u onlayn oʻqitish tizimini rivojlanishiga ijobiy bir turtki boʻlar. Soʻzsiz, onlayn taʼlim zamonaviy taʼlimning uzviy bir qismi boʻlib qoladi. Lekin bu nafaqat texnik  taʼminotni, balki oʻqituvchilarning ham tegishli tayyorgarligini talab etadi. Zero, Intel korporatsiyasining ijrochi direktori Kreyg Barrett taʼkidlaganidek,“agar oʻqituvchilar oʻrinli foydalana olmasalar, barcha texnik yutuqlarimiz hech narsaga arzimaydi. Moʻjizani kompyuterlar emas, balki oʻqituvchilar yaratadi...”

Shoiraxon Umarova,
JIDU "Matematik modellashtirish va informatika" kafedrasi katta oʻqituvchisi.