Samarqand shahrida 12-13-avgust kunlari Inson huquqlari boʻyicha ikkinchi xalqaro forum oʻtkaziladi
06.08.2020 2586
Samarqand shahrida joriy yil 12-13-avgust kunlari Inson huquqlari boʻyicha xalqaro forum videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi shafeligida oʻtkazilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari va yoshlar tashkilotlari vakillari Samarqand forumida ishtirok etishga qiziqish bildirgan.
Ushbu forum inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilayotgan ikkinchi xalqaro anjumandir.
“Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi” deb nomlangan birinchi xalqaro anjuman Samarqand shahrida 2018-yil 22-23-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan edi. Uning ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi 2019-yil 6-fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 73-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan.
Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi yakunida ishtirokchilar mazkur xalqaro anjumanning muhimligi va zarurligini hisobga olgan holda uni har ikki yilda bir marta muntazam ravishda oʻtkazib turish haqida kelishib olgan edi.
Navbatdagi Samarqand forumining asosiy maqsadi – yoshlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishga taalluqli mavjud xalqaro hamda mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qilishdan iborat. Munozaralar jarayonida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqiladi.
Kun tartibidan, shuningdek, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari va BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha butunjahon dasturini amalga oshirishda yoshlarning roli masalasi oʻrin olgan.
Samarqand forumida BMTning Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyasi loyihasi birinchi marta jahonning yetakchi ekspertlari muhokamasi uchun taqdim qilinadi. Ushbu Konvensiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.
Konvensiya tom maʼnodagi yangi hujjat boʻlib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida eʼtirof etilishi zarur boʻlgan oʻziga xos huquqlari aks ettirildi. Bunday mazmundagi xalqaro hujjatning qabul qilinishi jahondagi barcha davlatlar tomonidan yoshlar masalalariga boʻlgan eʼtiborni tubdan kuchaytiradi. Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy eʼtibor qaratilishi, oʻz navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli koʻmak koʻrsatishda muhim omil boʻladi.
Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiya loyihasi muhokama uchun forumning rasmiy sayti (http://www.asianforum.uz/)da joylashtirilgan.
Manba: "Dunyo" AA