Alvido, Ustoz! Musibatli xabar
22.07.2020 3123
Oʻzbekiston fani, barcha ilm-maʼrifat ahli, shu jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti jamoasi ogʻir judolikka uchradi. 2020-yil 21-iyul kuni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi, Respublikada xizmat kursatgan fan arbobi, falsafa fanlari doktori, professor Sattor Tursunmuxamedov 92 yoshida vafot etdi.
Sattor Fozilxakovich ziyolilar oilasida dunyoga kelib, chuqur bilimli, yuksak maʼnaviyatli, keng ilmiy mushohadaga ega, eng avvalo oʻziga va atrofdagilarga nihoyatda talabchan, zabardast olim darajasiga koʻtarilgan yorqin shaxs edi. U nafaqat Oʻzbekistonda, balki boshqa respublikalarda ham oʻnlab doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarga ilmiy rahbar boʻlib, mehribon va dono maslahatchi sifatida koʻplab shogirdlar tayyorladi.
Sattor akaning katta tashkilotchilik qobiliyati va rahbarlik isteʼdodi, ayniqsa 1979-1983-yillarda Nizomiy nomli Pedagogika instituti rektori boʻlgan chogʻlarda yorqin namoyon boʻldi. Bu oliygoh oʻz davrida sobiq ittifoqdagi pedagogika institutlari orasida eng faxrli oʻrinlarni egallab, qoʻshni respublikalar uchun ham kerakli kadrlarni tayyorlash vazifasini bajargan. Keyinchalik akademik S.Tursunmuxamedov Toshkent davlat universiteti qoshidagi professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish institutida direktorlik lavozimini egalladi. Bu yuqori ilmiy salohiyatga ega institutda butun Oʻrta Osiyo, Qozogʻiston va Rossiyaning Sibir mintaqalari oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari malaka oshirar edilar.
Sattor Fozilxakovich 60 yildan ortik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat iqtisod universiteti, Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent pedagogika insitituti talabalari, magistr va doktorantlariga falsafa, siyosatshunoslik, maʼnaviyat asoslari predmetlaridan oʻzining boy hayotiy tajribasiga asoslangan holda juda qiziqarli va sermazmun maʼruzalar oʻqib, turli muammoli mavzularda suhbatlar oʻtkazib keldi.
Akademik S.Tursunmuxamedovning koʻp yillik faoliyati mustaqillik sharofati bilan 1992-yil kuzida Toshkentda tashkil qilingan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan chambarchas bogʻliq. U bu dargoh ochilgan birinchi kunlardanoq Markaziy Osiyoda ilk marotaba eng zamonaviy talablarga javob bera oladigan professional diplomatlar, xalqaro huquqshunoslar, jahon iqtisodiyoti va savdosi boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash kabi oʻta masʼuliyatli vazifani oliy darajada bajarishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib keldi.
Ustoz JIDUning ilmiy salohiyatini oshirish, oʻquv fanlarini tobora takomillashtirib borish, oʻquv jarayonining oʻziga xosligini taʼminlash, kutubxona, kompyuter resurslari , nazariya va amaliyot masalalari boʻyicha doimo oʻzining qimmatli maslahatlarini berib keldi. Uning professor-oʻqituvchilar tizimini shakllantirishdagi xizmatlari ayniqsa beqiyosdir. U yillar davomida tinimsiz har haftada kamida oʻnta yosh professor va oʻqituvchilarning darslarida bevosita katnashib, soʻngra oʻtilgan darslarni kafedra oʻqituvchilari bilan birgalikda odilona, yuqori bahs madaniyati va bagʻrikenglik bilan chukur tahlil qilib, yoshlarning pedagogik malakasini oshirishda jonbozlik koʻrsatardi.
Ustozimiz Sattor Fozilxakovichning yorqin hayot yoʻli, ilmiy merosi, pedagogik mahorati, rahbarlik tajribasi, eng muhimi – oʻta halollik, toʻgʻrilik, ochiq koʻngillik, hamdardlik, mehribonlik, doimo yaxshilikka yoʻnaltirilgan barcha olijanob insoniy fazilatlari bir umrga unutilmas oʻrnak boʻlib qoldi.
JIDU jamoasi akademik S.F.Tursunmuxamedovning oila aʼzolari, yaqinlari va shogirdlariga oʻzining chuqur taʼziyasi va samimiy hamdardligini bildiradi.
Your browser does not support the video tag.