30.06.2020 2963

Aziz JIDU talabalari!

Bundan uch yil oldin hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan Yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun Yoshlar kuni deb e’lon qilingan edi. Yurtda hozir shiddat bilan kechayotgan yangilanishlar debochasida Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlariga katta umid bog‘lagan edi:

“Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” degan shior keng tarqalib, hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. O‘zbekistonimizning mana shunday yorug‘ va farovon istiqbolini bunyod etishdek mas’uliyatli vazifani kim o‘z zimmasiga oladi? Albatta, faqat zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan siz, aziz yoshlarimiz maydonga dadil chiqib, bugungi kunda hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni hal etishga qodirsiz”.

Siz o‘tgan uch yil davomida Prezidentimiz va xalqimizning ishonchini oqlashga harakat qildingiz. Orangizdan turli ko‘rik-tanlovlar, grantlar, musobaqalar, fan olimpiadalari g‘oliblari yetishib chiqdi, bilimi, aql-zakovoti bilan Universitet sha’nini yuksaklarga ko‘tarib kelmoqda.

Ayni paytda so‘nggi to‘rt oy sizlar uchun sabr-bardosh, matonat sinovi bo‘ldi. Og‘ir pandemiya sharoitida quntingiz va tirishqoqligingiz, bilimga chanqoqligingiz bilan o‘qituvchilarning yangi muhit va tizimda ta’lim berishdek mashaqqatli mehnatida o‘ziga xos madad va rag‘bat bo‘ldingiz.

Aziz talabalar! Sizlarni 30-iyun – Yoshlar kini bilan chin yurakdan tabriklaymiz. Yurtimizning farovon kelajagining yaratuvchilari bo‘lgan siz yoshlarga baxt, omad, fan cho‘qqilarini zabt etishda ulkan zafarlar tilab qolamiz.