“Tashqi mehnat migratsiyasi: pandemiya holatida yangi burilishlar” mavzusida onlayn uchrashuv
01.06.2020 2576
2020 yil 30 may kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi, yuridik fanlar doktori, professor Rashidov Komil Qayumovich bilan "Tashqi mehnat migratsiyasi: pandemiya holatida yangi burilishlar" mavzusida onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi.
Onlayn uchrashuvda JIDU professor-o'qituvchilari, doktorantlar, magistrlar va talabalar, shuningdek, JIDU, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida professor K.Q. Rashidov O'zbekiston Respublikasida tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish masalalarini har tomonlama va batafsil yoritib berdilar. Xususan, tashqi mehnat migratsiyasining huquqiy asoslari, chet el fuqarolarining mehnatini tashkil etish choralari, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish tartib-qoidalari, pandemiya sharoitida bu sohadagi tahdidlar batafsil ko'rib chiqildi.
Ma'ruzachi ta'kidlaganidek, bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasining ikkita asosiy usuli mavjud: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklari orqali. Shu bilan birga, fuqarolarning erkin harakat qilishi ularning konstitutsiyaviy huquqi bo'lib, o'z o'rnida chet elda chiqib, noqonuniy ishlashga ham imkon beradi. Bu esa o'z navbatida salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiyasi bo'yicha ikki tomonlama shartnomalari va mehnat migrantlarining ayrim davlatlarda mehant faoliyatlarini oborishlarining o'ziga xos xususiyatlariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Turkiya, Polsha, Qozog'iston kabi mamlakatlarda ishlashni istagan nomzodlar, mamlakatimiz fuqarolariga bo'lgan talablar tushuntirildi.
Professor K.Q. Rashidov o'zining taqdimoti va ma'ruzasida asosiy e'tiborni tashqi mehnat migrantlari orasida huquqiy madaniyatni va til savodxonligini oshirish zarurligiga qaratdi, chunki bu omillar ushbu sohadagi turli muammolar va vaziyatlarning yuzaga kelishiga zamin yaratadi. Xususan, bu mehnat shartnomasini tuzish, mehnat migrantlarining malakasi va til ko'nikmalari yetarliligi, ularning ijtimoiy va tibbiy sug'urtasi, ularning chet el davlatlarida qonuniy turishi va boshqa masalalar bilan bog'liq. Professor K.Q. Rashidov ta'kidlaganidek, koronavirus infektsiyasi (COVID -19) pandemiyasi sharoitida mehnat migrantlarining taqdiri bu omillar tufayli murakkablashadi. Bundan tashqari, onlayn uchrashuv davomida pandemiya holatida tashqi mehnat migrantlariga davlat tomonidan amalga oshirilgan yordam chora-tadbirlari borasida maʼlumotlar berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan migratsiya jarayonlariga, xususan, pandemiya tufayli ko'plab mehnat migrantlarining O'zbekistonga qaytishi va shu munosabati bilan ularning reabilitatsiyasi va ishga joylashtirilishi masalalariga katta qiziqish bildirildi. Umuman olganda, mazkur uchrashuv barcha ishtirokchilarda juda ijobiy taassurot qoldirdi.
Mazmunli va qiziqarli onlayn uchrashuv uchun professor K.Q. Rashidovga samimiy minnatdorchilik bildiramiz va kelgusida samarali hamkorlik qilishga umid qilamiz.