Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan oʻrganilayotgan dolzarb mavzularga bagʻishlangan videokonferensiya rejimidagi ikkinchi “davra suhbati” yakunlari
28.05.2020 3510
2020-yil 28-may kuni BMT Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan oʻrganilayotgan dolzarb mavzularga bagʻishlangan videokonferensiya rejimidagi navbatdagi “davra suhbati” oʻtkazildi.
Videokonferensiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan birgalikda tashkil etildi. Unda davlat organlarining va ilmiy-akademik doiralarning 40 dan ortiq vakillari, xususan Tashqi ishlar vazirligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Oʻzbek xalqaro huquq assotsiatsiyasi va boshqalar ishtirok etdilar.
Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan “Davlat mansabdor shaxslarining chet el jinoiy yurisdiksiyasidan immuniteti”
va “Huquqning umumiy prinsiplari” mavzulari hamda ushbu mavzular doirasida Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan moddalar va xulosalar loyihalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida ekspertlar koʻrsatilgan mavzular boʻyicha faol muloqot shaklida batafsil fikr va mulohazalar bilan almashdilar, shuningdek, Komissiyaning ishlab chiqayotgan hujjatlari yuzasidan Oʻzbekistonning pozitsiyasiga takliflar taqdim etdilar.
Ishtirokchilar ushbu turdagi “davra suhbatlari” Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro norma ijodkorligi faoliyatidagi, shu bilan birga BMT Bosh Assambleyasi Oltinchi (huquqiy masalalar boʻyicha) qoʻmitasi doirasidagi ishtirokini faollashtirishga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdilar.