21.02.2020 5179

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidentining Turkiyaga oliy darajadagi tashrifi juda katta ahamiyatga ega.

Birinchidan, zamonaviy Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba davlatlararo munosabatlarda mutlaqo yangi tashqi siyosat formati – Oliy darajadagi strategik kengash yuzaga keldi.

Agar tarixga nazar solsak, Turkiya birinchilardan boʻlib, yaʼni, 1991-yil 16-dekabrda Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan boʻlsa, 1992-yil 4-martda diplomatik aloqalar oʻrnatilgan. Oʻzbekiston Respublikasida birinchi elchixona ochgan davlat ham Turkiya hisoblanadi.

Bugungi kunda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosini 110dan ortiq hujjatlar tashkil etadi.

Ular orasida 1996-yilda imzolangan Abadiy doʻstlik va hamkorlik haqidagi shartnoma, 2017-yil 25-oktyabrdagi hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga koʻtargan qoʻshma bayonot alohida ahamiyat kasb etadi.

Agar 2016-yilga qadar oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlari soni 13 ta boʻlgan boʻlsa, (muqaddam Turkiyada prezident va bosh vazir institutlari mavjud edi), oxirgi uch yilda davlatlarimiz rahbarlari ikki tomonlama tashriflar va xalqaro forumlar doirasida sakkiz marotaba uchrashgani respublikamizning tashqi siyosiy faolligi nihoyatda ortganini yana bir bor koʻrsatadi. Mazkur uchrashuvlar oʻzaro aloqalar dinamikasiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi: bir-birini toʻgʻri anglash, oʻzaro ishonch va manfaatli hamkorlikka boʻlgan intilish anchayin kuchaydi.

Aytish joizki, ikki mamlakat yetakchilari oʻrtasida oʻzaro hurmat va birodarlik tamoyillariga asoslangan yaqin doʻstlik rishtalari oʻrnatilgani siyosiy muloqotlar jadallashishi uchun muhim qadam boʻlmoqda.

Bundan tashqari, tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar ham muntazamlik kasb etmoqda.

Misol tariqasida, 2019-yil 5-6-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Anqarada Strategiyani rejalashtirish guruhining birinchi uchrashuvida ishtirokini keltirish mumkin.

2019-yil oktyabr oyida esa Boku shahrida Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga toʻlaqonli aʼzo boʻlib qoʻshilgani Turkiya bilan mazkur tashkilot doirasida ham koʻp tomonlama sheriklikni chuqurlashtirishga mustahkam zamin yaratdi.

Mamlakatimizning ushbu tashkilotga qoʻshilishi, bir tomondan, mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar, xususan, Turkiya bilan oʻzaro aloqalarni yanada jonlashuviga, ikkinchi tomondan esa ushbu tashkilotning xalqaro nufuzi va obroʻ eʼtiborining yanada yuksalishiga turtki boʻldi.

Bu borada yaqinda Senat raisi Tanzila Norbayevaning Boku shahrida Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafa Shentop bilan muloqotda boʻlgani, Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasiga aʼzo boʻlib kirish masalasini koʻrib chiqilayotgani ham katta ahamiyatga ega.

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda parlament diplomatiyasining oʻrni va roli tobora oʻsib borayotgan hozirgi bir sharoitda mazkur muhim qadam aʼzo davlatlar xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, tabiiy.

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorligimiz tobora faollashib, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birimizni qoʻllab-quvvatlash amaliyoti kuchaymoqda.

Bu omil u yoki bu masalaga nisbatan davlatlar tutgan siyosiy pozitsiyalarni yaqinlashtirish, umumiy tashabbuslarni ilgari surish hamda istiqbolli hamkorlik rejalarini tuzish imkonini beradi.

Xususan, xalqaro maydonda Oʻzbekiston ilgari surayotgan va rasmiy Anqara tomonidan toʻla maʼqullanayotgan Yoshlar huquqlari konvensiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida BMTning Yoshlar markazini tuzish taklifiga hamohangdir.

Umuman olganda, ushbu uchrashuvga puxta tayyorgarlik koʻrilgani, tashrif davomidagi muzokaralarning juda sermahsul oʻtgani va kun tartibining boyligi bilan ham izohlanadi.

Matbuot anjumanida prezidentlar hozirda oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 2,5 milliard dollarga yetgani va uni yaqin istiqbolda 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha salohiyatlar va resurslar mavjudligini qayd etdilar. Oʻz navbatida, davlatimiz rahbari mazkur raqamlar biz uchun chegara emasligini alohida qayd etdilar.

Siyosiy, parlamentlararo aloqalar, iqtisodiyot, savdo, transport, qurilish, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, kichik va oʻrta biznes, tibbiyot, xavfsizlik va harbiy-texnikaviy va boshqa sohalarda jadal hamkorlik rishtalari oʻrnatilgani bugungi kunda Strategik kengash faoliyatini yoʻlga qoʻyishga olib keldi.

Shu nuqtayi nazardan ushbu tashrifni xalqlarimiz munosabatlarida tarixiy tashrif, deb atasak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Yakunlangan Kengashning hayotbaxsh natijalari shubhasiz, koʻp qardosh xalqning tinchligi va farovonligiga xizmat qiladi.

Binobarin, strategik sheriklikning yangi bosqichi nafaqat Oʻzbekiston va Turkiya orasidagi, balki ular joylashgan ikki geosiyosiy muhim mintaqadagi davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va doʻstona hamkorlik muhitini qaror toptirishi, shubhasiz.

Otabek NAYIMOV,
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori.

OʻzA