27.01.2020 5623

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik doirasida “Mediatsiya markazini ochish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish” loyihasi boʻyicha JIDUning ikki nafar oʻqituvchisi N.Raxmonkulova va F.Xasanovalar 2020-yilning 11-19-yanvar kunlari Singapurda oʻquv safarida boʻldilar.

Tashrif davomida JIDU vakillari Singapur xalqaro mediatsiya instituti (SIMI), Singapur xalqaro mediatsiya markazi (SIMC), Singapur mediatsiya markazi (SMC) va Nizolarni xal qilish boʻyicha Singapur xalqaro akademiyasi (SIDRA) vakillari bilan uchrashib, ushbu tashkilotlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularning tajribasini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Singapur tajribasini oʻrganish natijasida JIDU vakillari bugungi kunda Singapur mediatsiya “markazi”ga aylangan degan xulosaga keldi. Singapur hukumati tomonidan Singapurni mediatsiya “markazi”ga aylantirish uchun koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilgan va amalga oshirilib kelmoqda. Mediatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi markazlar maʼlum muddatga soliqlardan ozod etilganligi bunga misol boʻla oladi.

Mediatsiya markazlari hisoblangan SMC va SIMClarning mediatsiyani oʻtkazishga ariza kelib tushgandan to mediatsiya tugagunga qadar taklif etayotgan xizmatlari, jumladan “Ishlarni boshqarish” xizmati, nizo taraflari va mediator uchun yengilliklar yaratishga qaratilgan. Bu esa mediatsiya markazlariga qisqa muddat davomida koʻp sonli nizolarni mediatsiya yordamida samarali hal qilish imkoniyatini beradi. Mediatsiya markazlari mediatorlarni tayyorlash boʻyicha treninglar ham oʻtkazadi. Treninglar qisqa muddatli, amaliy koʻnikmalarni shakillantirishga qaratilganligi sababli juda samarali hisoblanadi.

Singapurda mediatsiya markazlari bilan bir qatorda Singapurda mediatsiya boʻyicha standartlarni belgilaydigan (SIMI), mediatsiya sohasida ilmiy izlanishlar olib boradigan (SIDRA) tuzilmalar ham mavjud. Bunday tuzilmalarning faoliyat natijalari Singapruda mediatsiyani yuqori darajada ushlab turishga yordam beradi.

Tashrif davomida olingan bilimlar va oʻrganilgan tajribalar JIDU qoshida Mediatsiya markazini ochish va faoliyatini yoʻlga qoʻyishda keng foydalaniladi. Shuningdek, Mediatsiya markazi faoliyati davomida yuqorida nomlari tilga olingan tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatiladi.