Koreyalik talabalarning tahsili nihoyasiga yetdi
20.12.2019 7157
JIDUda O‘zbekitson Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Janubiy Koreyaning Xankuk universiteti o‘rtasidagi shartnoma asosida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilganiga salkam uch yil bo‘lyapti. Bu uncha ko‘p bo‘lmagan davr ichida erishilgan natijalar tahsinga sazovordir. Koreyada tahsil olgan JIDU talabalari yangi bilim, ko‘nikmalar hamda olam-olam taassurotlar bilan qaytmoqdalar. Ayni paytda Universitetimizga o‘qish uchun kelgan koreyalik talabalar ham o‘zlari uchun zarur bo‘lgan bilim hamda tajribalarni orttirib, O‘zbekistonda o‘tgan onlaridan mamnun holda semestrni yakunladilar.
JIDUda almashinuv dasturi asosida koreyalik 8 talabadan iborat navbatdagi guruh ta’lim oldi. Xankuk Universiteti talabalari Sim Jaehong, Kang Dayoung, Lee Hyunji, Hwang Yejin, Choo Changmin, Nam Giyun, Moon Sooyeoung, Ko Dongil bir semester davomida o‘zbek va rus tillaridan saboq oldilar. Mashg‘ulotlarda koreyalik talabalarning bilim olishga, ayniqsa, o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish va ishtiyoqlari baland ekanligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Ularning aksariyati juda tez fursatda o‘zbek tilida erkin va jonli muloqotga kirishib ketdilar.
Ayni paytda, bu koreyalik yoshlar o‘zbek madaniyati, san‘ati hamda an’analari bilan tanishishga bo‘lgan havas hamda xohishlarini namoyon qildilar. Toshket shahrining diqqatga sazovor joylari, kinoteatr hamda muzeylariga tashrif buyurdilar, qadimy Buxoro shahriga sayohat qilib, unutilmas taassurotlar olganliklarini e’tirof etdilar, qizlardan biri hatto Farg‘onaga o‘zbek dugonasining to‘yiga borib, o‘zbeklarning mehmondo‘stligidan mamnun holda qaytib keldi.
Koreyalik talabalar JIDUning madaniy-ma’rifiy hayotida ham faol ishtirok etdilar, universitetda o‘tgan deyarli barcha tadbirlarda yig‘ilganlarning oldingi qatorlarida ularni ko‘rish mumkin edi, xususan, O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirdagi chiqishlari universitet rahbariyati, o‘qituvchilari hamda talabalarda katta taassurot qoldirdi.
“Universitetingizdagi muhit bizga juda yoqdi. Talabalar har sohada juda faol, - deydi Moon Sooyeoung (o‘zbekcha ismi Shohruh), - biz basketbol bo‘yicha universitet musobaqasida qatnashdik, til bayramida katta sahnaga chiqib, o‘zbek tili bilimlarimizni namoyish qildik. Buning hammasi juda maroqli edi”.
“Universitet rahbariyati va ustozlarimizga katta rahmat. Ularning g‘amxo‘rligi, e‘tibori, bergan bilimlarini hech qachon unutmaymiz. Universitetda ta’lim olish va yashashimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berdilar”, deb o‘z minnatdorchiligini bildirdi Hwang Yejin (Mohina)
Giyun Nam (Bobur) o‘zbek udum va an’analari haqida turkum maqolalar yozishga kirishdi va ikkita maqola e’lon qildi. Moon Sooyeoung hamda Hwang Yejin radio va televideniyega intervyu berdilar. Talabalar imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, 320 soatli o‘quv kursini yakunlaganliklari to‘g‘risida sertifikat oldilar.
Mana bu yilgi almashinuv dasturi asosida o‘qishga kelgan guruhning tahsili ham nihoyasiga yetdi. Koreyalik yosh do‘stlarimiz O‘zbekistonda o‘tgan vaqtlari va olgan bilimlaridan mamnun holda, qalblarida bu yurt haqida unutilmas yorqin va iliq taassurotlar bilan vatanlariga jo‘nab ketdilar.