Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligi tantanavor nishonlandi
10.12.2019 6034
Joriy yilning 6-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarining muhim poydevori” mavzusida tantanali maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-musiqiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni universitetning Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori M.Bakoyev tabrik soʻzi bilan ochib, koʻp yillardan beri samarali mehnat qilib kelayotgan, oʻz xizmat vazifasiga sadoqatli, fidoiy bir guruh professor-oʻqituvchilar, xodimlar hamda rahbar xodimlarga universitet rektorining Faxriy yorliqlarini tantanali topshirdi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi Ona-Vatanimiz mustaqilligining tamal toshlaridan biri boʻlib, xalqimiz hayotida farovonlik, tinchlik va barqarorlik poydevori sifatida qadr-qimmatga ega. U umuminsoniy qadriyatlar va xalqaro huquq tamoyillari asosida xalq irodasi, maʼnaviyati va ijtimoiy tafakkurini oʻzida mujassam etgan”, deb taʼkidladi u tabrik soʻzida.
Tantanali tadbirda Toshkent shahar Yashnabod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa maktabining oʻquvchilari, universitet qoshidagi Akademik litseyning talaba-oʻquvchilari, Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi talablari, shuningdek Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan sahna chiqishlari hamda serjilo kuy va qoʻshiqlar davra qatnashchilari va mehmonlarni nihoyatda xushnud etdi.
Ayniqsa, tadbirning Final bosqichida Toshkent shahar Yashnabod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa maktabi oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan “Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston!” qoʻshigʻi tinglovchilarda unutulmas taassurotlar qoldirdi.