05.03.2019 9456

2019-yil 4-mart kuni JIDUda taniqli publitsist, yozuvchi, shoir va tarjimon, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abusaid Ko‘chimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirga, shuningdek, taniqli jurnalist Irismat Kulmetov ham tashrif buyurdi.

JIDU talabalari tomonidan tayyorlangan Abusaid Ko‘chimov hayot va ijod yo‘li aks etgan yorqin rangin suratlar va qiziqarli ma’lumotlarga boy taqdimot va chiqishlar yig‘ilishga o‘zgacha ruh baxsh etdi.

Saidqosimov kirish nutqi bilan ochib berdi. U aziz mehmonlarga universitetga tashrifi uchun minnatdorchilik bildirib, talabalarni tajribali va o‘z kasbini ustasi bo‘lgan jurnalist va arbob bilan suhbatga tortdi.

Abusaid Ko‘chimovning bugungi jurnalistikaning holati, undagi muammolar, zamonaviy jurnalist qiyofasi qanday bo‘lishi lozimligi, matbuot bilan bog‘liq dolzarb masalalar tahliliga bag‘ishlangan chiqiishi katta qiziqish bilan tinglandi. Yozuvchi, xususan, jurnalistlarimizning bugungi saviyasi va darajasi zamon talablariga to‘la javob bera olmasligi haqida kuyunib gapirdi. “Hali bu sohada qilinadigan ishlarimiz ko‘p”, - deya ta’kidladi u va bo‘lajak mutaxassis oldiga zamon yangi talablar qo‘yayotganini, chunonchi, undan, avvalo, bilimdonlik, tahlil qila olish qobiliyati, tezkorlik, kamida uch tilda erkin so‘zlasha olish kabi fazilatlar zarurligini uqtirdi.

Keyin so‘zga chiqqan taniqli  jurnalist Irismat Kulmetovninig nutqi ham ommaviy axborot vositalari va jurnalistikaning holati haqidagi qiziqarli kuzatish va mulohazalarga boy bo‘ldi. Jamiyat ma’naviy va iqtisodiy hayotidagi ulkan islohotlar yoshlarga ochgan imkoniyatlarga to‘xtalib, ulardan oqilona foydalanishga undadi.

Suhbat so‘ngida Abusaid Ko‘chimov va Irismat Qulmetov talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.

Savol-javoblar OAVning turli jabhalariga oid bo‘ldi. OAVda tanqidiy ruh dolzarbligi, jurnalistika badiiy ijod o‘rtasidagi aloqadorlik, jurnalistning burchi, jurnalistikadagi xolislik va haqqoniylik kabi mavzularda savollar berildi.

Jumladan, XIM fakulteti 2-kurs talabasi Omonjon Jalolovning: “So‘z va matbuot erkinligi nima? Umuman, erkinlikning chegarasi qayerda?” degan savoliga Abusaid Ko‘chimov shunday javob berdi: “So‘z erkinligi tushunchasi xilma-xil talqin qilinadi. Menimcha,  eng avvalo, bilim, halollik va haqiqatga tayanishi kerak. Eng muhimi ana shunda”.

Shu munosabat bilan prorektor Saidmuxtor Saidqosimov: “So‘z erkinligi nisbiy tushuncha, muhimi u adolat va millat manfaatlariga xizmat qilishishi lozim”, – deya qo‘shimcha qildi. – Xalqaro miqyosdagi chin jurnalist duynoning qaysi burchagida bo‘lmasin shuni doimo yodda tutishi kerak. Eng muhimi u vatanparvar bo‘lishi lozim”.

Prorektor o‘z so‘zini davom ettirib, bugungi kun xalqaro soha mutaxassisi uchun eng muhim fazilatlar xusuida ham to‘xtaldi; til bilimlari zaruratini, kamida to‘rt til: o‘zbek tili, rus tili, ingliz va yana biror o‘zi tanlagan tilni mukammal bilgan soha egasi jahon kadrlar bozorida raqobatbardosh bo‘la olishini ta’kidladi.

Abusaid Ko‘chimov bu fikrni qo‘llab-quvvatladi va bugungi jurnalistikada xalqaro siyosiy jarayonni teran tahlil qila oladigan xalqaro mutaxassislarga ehtiyoj kattaligini va JIDU talabalarida ana shunday salohiyatni ko‘rishini  qayd etdi.

Talabalar taniqli jurnalistga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb mavzularda maqolalari bilan ishtirok etish istaklarini bildirdilar. Bunga javoban O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori ularning istagini  bajonidil qo’llab-quvvatladi,  zarur maslahat va ko’makka tayyor ekanligini bildirdi.

Qizgin, do‘stona va iliq muhitda o‘tgan ushbu tadbir yig‘ilganlarda chuqur taassurot qoldirdi.