24.09.2020 3391

Aholisining yarmidan koʻpini tashkil qiluvchi yoshlar masalasiga eʼtibor va ragʻbat Oʻzbekistonda bugun eng ustuvor yoʻnalish boʻlib qolayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqida yana bir bor oʻzining yorqin tasdigʻini topdi.

Muqaddam Oʻzbekiston ilgari surgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tashabbusi chindan ham bugun nihoyatda dolzarb masaladir.

Har qanday mamlakatning ertangi taraqqiyotini uning kuchli bilim va salohiyatga ega, zamonaviy bilimlarni puxta oʻzlashtirgan yoshlar belgilab beradi. Ular global rivojlanishning barcha sohalari va tarmoqlariga hayotbaxsh kuch bagʻishlovchi shiddatli lokomativ hamdir. Chunki bugun dunyo aholisining 30 foizidan koʻprogʻini yoshlar tashkil etmoqda.

Pandemiya endi gurkirab, katta hayotga cheksiz orzu va umidlar bilan kirib kelayotgan yoshlarga ayniqsa qattiq taʼsir qilganini inkor qilib boʻlmaydi.

Bunday murakkab pallada Oʻzbekistonda yoshlarga gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatish, ularni gʻoya va rejalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga har qachongidan ham koʻproq eʼtibor qaratilmoqda.

Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash oʻz faoliyatlarini olib bormoqda. Oliy taʼlimga boʻlgan intilishlarini ragʻbatlantirish maqsadida yangidan-yangi oliy oʻquv yurtlari ochilib, oʻqishga qabullar soni keskin oshirildi. Yirik davlat dasturlari qabul qilinib, tadbirkorlik salohiyatlari samarali roʻyobga chiqarilmoqda.

Aytish oʻrinliki, Yoshlar boʻyicha konvensiya Yurtboshimiz tomonidan 2017-yil 19-sentyabrdagi BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqlarida ilk bori ilgari surilgan edi. Ushbu taklif BMT Bosh kotibi A.Guterrish va koʻplab davlatlar tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanmoqda, konvensiya loyihasi ishlab chiqilgan.

Global ahamiyatga molik hujjatni ishlab chiqishda BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq, oʻttizdan ortiq universal hamda mintaqaviy tashkilotlar, jumladan Afrika Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasidagi koʻplab xalqaro hujjatlar puxta va atroflicha oʻrganilib, eʼtiborga olindi.

Konvensiya loyihasini BMT nizomiy tuzilmalariga va inson huquqlari boʻyicha shartnomaviy qoʻmitalarga koʻrib chiqish uchun kiritish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning 12-13-avgust kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deb nomlangan Samarqand xalqaro forumi jahonda katta aks-sado berdi.

Uni tashkil etishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari idorasi, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari va Ebert jamgʻarmasi faol ishtirok etgani bejiz emas, albatta.

Binobarin, yoshlar zamonaviy global hamkorlikning ajralmas rishtalari, dunyoning boʻlajak manzarasi musavvirlari, hamjihatlik, doʻstlik va taraqqiyotning elchilari, barqaror rivojlanishga foydali sarmoyadir.

Laziz Mingishov,
JIDU prorektori,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori

Manba: OʻzA