Ayollar – millat genofondi
23.09.2020 3279
Oʻzbek tilida jahonning eng oliy minbarida – BMT Bosh Assambleyasida Prezidentimiz tomonidan yangragan nutqda barcha muhim tashabbuslar qatori gender tengligi va xotin-qizlarga eʼtibor masalasi alohida koʻtarilgani butun yurtimiz ayollarini toʻlqinlantirib yubordi.
Ayollar faqatgina kelajagimiz bunyodkorlari boʻlgan bolalarni dunyoga keltiruvchilar va ularning oddiy tarbiyachilari emas, balki davlat va jamiyat boshqaruvida oʻzlarining boy bilim va malakasini, bor kuchini safarbar etishga qodir ulkan salohiyatga ega genofond hamdir.
Davlatimiz rahbarining gender tengligini ragʻbatlantirish borasidagi oqilona siyosati – biz ayollarni jamiyatning barcha jabhalarida ijtimoiy va siyosiy faolligimizni nafaqat jonlantirdi, balki islohotlar va oʻzgarishlar jarayonlariga bevosita ishtirokimizni taʼminlab va daxldorlik tuygʻularimizni joʻsh urdirmoqda.
Eʼtiborlisi, gender tengligi siyosati va koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik faqatgina alohida guruh va tashkilotlarga taalluqli boʻlibgina qolmay, balki aholimizning yarmini tashkil qiluvchi barcha xotin-qizlarni keng doirada qamrab olmoqda.
Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni va taʼsirini oshirish soʻnggi toʻrt yilda barcha davlat dasturlarining ustuvor yoʻnalishlari sifatida kiritib borilmoqda.
Toki, ayolga boʻlgan yuksak hurmat va ehtirom – bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga, Vatan taqdiriga boʻlgan cheksiz eʼtibor ifodasidir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi.
Maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat oʻzining “Oila yoki boshqarish tartiblari” asarida “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bogʻliq. Tinchlik va totuvlik esa shu millat oilalarining intizomiga tayanadi”, deya yozib, ayollarning oʻrniga alohida urgʻu bergan edi.
Qolaversa, gender tengligi, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarining doimo ajralmas va eng asosiy tamoyillaridan boʻlib kelgan. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham “Qayerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan boʻlsa, oʻsha joyda iqtisodiyot oʻsmoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda”, deya bejiz taʼkidlagani yoʻq.
Bosh Assambleyaning 75-sessiyasida Prezidentimiz butun dunyo hamjamiyatini pandemiya davrida ayollarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yana-da dolzarb ahamiyat kasb etayotganiga yana bir bor diqqat-eʼtiborni qaratgani zamirida juda katta donishmandlik salohiyati mujassamdir.
Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga koʻpaygani, Oliy Majlis Senati raisi xotin-qizlar vakilasi ekanligi, hatto tumanlarda ayol hokimlar faoliyat boshlayotgani nafaqat mintaqamizda, balki xalqaro miqyosda haqiqatdan ham eʼtiborga molik faktdir.
Bu boradagi ulugʻvor maqsad va rejalar, umumbashariy qadriyat sanalgan ayollar va erkaklar tengligi gʻoyasi amaliy ishlarimiz bilan birga, huquqiy jihatdan ham mustahkamlanib bormoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, milliy darajadagi ishlarimizning xalqaro maydonda yaqqol koʻrsatilishi oʻzbek ayolining maqomi va darajasi nechogʻli yuqori ekanini, uning imkoniyat va iqtidori qanchalik yuksakligini, tafakkuri erkin, huquqlari kafolatli va adolatli himoya qilinganini yana bir bor tasdiqladi.
Shu maʼnoda mana ikki kundirki kuzatib borayotganimizdek, Prezidentimiz ilgari surgan barcha fikr va tashabbuslar oʻz mazmundorligi va koʻlamdorligi jihatdan jahonning boshqa davlatlari yetakchilarining anjuman kun tartibiga olib chiqqan masalalarning salmoqli darajada farq qildi, desak hech mubolagʻa boʻlmaydi.
Gulnoza ISMAILOVA,
JIDU prorektori,
yuridik fanlari doktori
Manba: OʻzA