24.01.2019 11391

Yangi, 2019 yil arafasida Universitemizning Roman – german tillari kafedrasi katta oʻqituvchisi Baxtiyor Abdugʻaniyevich Abduraxmonov tavalludlarining 60 yillik bayramini nishonladilar. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorati, jamoat tashkilotlari, professor-oʻqituvchilari, Roman – german tillari kafedrasi aʼzolari va talabalar aziz Ustozni ushbu qutlugʻ sana bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etadilar.

Kamtarin inson, mehribon ustoz, ibratli tashkilotchi sifatida Baxtiyor Abdugʻaniyevich Abduraxmonov qirq yildan koʻp davr mobaynida Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar va Oliy taʼlim vazirliklari idoralarida tarjimon, referent, yetakchi mutaxassis, Oʻzbekistonning Fransiya, Belgiya va Qirgʻiziston kabi bir qator chet ellardagi elchixonalarida kotib, maslahatchi va attashe sifatida mamlakatimizning tashqi aloqalari rivojining murakkab va masʼuliyatlijabhalarida tinim bilmay xizmat qildilar va Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishiga munosib hissa qoʻshdilar. Keyingi bir necha yillardan beri esa Roman – german tillari kafedrasiga mudirlik, xorijiy universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda, oʻqituvchi va talabalarning Fransiya va Belgiya oliy oʻquv dargohlarida bilim va malakalarini oshirishda munosib hissa qoʻshdilar. Hozirda esa tajribali ustoz sifatida Universitetimizning yetakchi fransuz tili oʻqituvchisi sifatida yillar davomida yigʻilib kelgan bilimlarini talabalarga va shogirdlaringizga oʻrgatmoqdalar va ular bilan oʻrtoqlashmoqdalar.

Ushbu muborak ayyomda, tabarruk 60 yoshga qadam koʻygan kunlarda aziz Ustozga oila aʼzolari, hamkasblari va shogirdlari baxtiga mustahkam sogʻlik, uzoq va mazmunli umr koʻrishlarini, ilmiy - ijodiy pedagogik faoliyatlarida doimo oʻrnak boʻlib yurishlarini chin dildan tilaymiz. Ustozni yana uzoq yillar jamoamiz aʼzosi, faxri sifatida koʻrishni istaymiz.