26.06.2023 1573

Bojxona qo‘mitasi hududiy boshqarmalar bojxona postlaridagi bo‘sh lavozimlarga XOTIN-QIZLARni xizmatga qabul qilish bo‘yicha tanlov e’lon qiladi.

Mazkur lavozimlarga tanlov asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, yoshi o‘n yettidan kam bo‘lmagan va o‘ttizdan oshmagan, oliy ma’lumotga ega, o‘zining shaxsiy, ishchanlik va axloqiy sifatlari, sog‘ligi va jismoniy tayyorgarligi darajasiga ko‘ra bojxona organi xodimining xizmat vazifalarini bajarishga qodir – bo‘yi 165 sm.dan past bo‘lmagan XOTIN-QIZLAR qabul qilinadi.

Nomzod iqtisodiyot, moliya, buxgalteriya hisobi va audit, soliq, bojxona ishi, yurisprudensiya, xorijiy filologiya, tovarshunoslik yoki oziq-ovqat texnologiyasi mutaxassisliklaridan biriga ega bo‘lishi hamda rus va chet tillaridan birini mukammal bilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga ko‘ra, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, xizmatni o‘tashga monelik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan, sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar, qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan va o‘ziga nisbatan amnistiya akti yoki afv etish qo‘llanilganligidan qat’i nazar yoxud yarashuv munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolar xizmatga qabul qilinmaydi.

Yuqoridagi talablarga mos kelmagan, saralash bosqichlaridan o‘ta olmagan yoki o‘zi va yaqin qarindoshlari to‘g‘risida bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar bergan, shuningdek belgilangan hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmagan nomzodlarni xizmatga qabul qilish rad etiladi.

Tanlovda ishtirok etish arizalar joriy yilning 9-iyuliga  (shu kuni ham) qadar https://new.customs.uz/uz/services/vacancy havolasi orqali onlayn qabul qilinadi.