15.04.2023 269

Men esse yozish uchun ushbu mavzuni tanladim. Chunki Konstitutsiya haqidagi ma’lumotlarni to‘plaganimda Konstitutsiya – farovon hayotimizning asosiy mezoni ekanligi, joriy yil 30-aprelda bo‘lib o‘tadigan Referendum va ushbu ijtimoy-siyosiy tadbirning qanchalik muhimligi, xususan, hayotimiz, o‘qish va kelajakdagi ish faoliyatimizda qanchalik muhimligidan ta’sirlandim.

Nega O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritilmoqda? Nima sababdan Oliy Majlis Senati tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitusiyaviy qonuni loyihasining muhim jihatlari ko‘rib chiqilmoqda.  Qomusimizning fuqarolarning hayot yo‘lidagi o‘rni va ahamiyati qanday?

Mavjud hamda to‘plangan ma’lumotlar ko‘ra, xususan, ijtimoiy tarmoqlar va barcha OAVda ushbu loyiha xalqimiz tomonidan eng ko‘p muhokama qilingan, takliflar bildirilgan, xalqaro ekspertlar fikrlari inobatga olingan xujjat bo‘lgani qayd etilmoqda.

Ayniqsa, davlat hokimiyati tizimi tubdan isloh etilib, parlamentarizm yanada kuchaytirilishi xalqchil davlatchilik asoslari kuchayishiga zamin yaratilishi ta’kidlanmoqda.

Amaldagi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutloq vakolatlari 5 ta bo‘lgan bo‘lsa, loyihaga asosan ularning soni 12 taga ko‘paymoqda. Senatning mutloq vakolatlari amalda 14 tadan 18 taga oshmoqda.

Mening fikrimcha, Konstitutsiyaning yangi tahriri ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lishi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda.

Hozirda mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar natijasida Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga, normalari soni esa 275 tadan 434 taga ko‘paygan, 91 ta konseptual o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan. Ya’ni, Konstitutsiyaning matni jami hajmi 65 foizga oshgan. Ushbu o‘zgarishlar va qo‘shimchalarning soni va mazmuni Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish zaruratidan dalolat beradi.

Joriy yilning 14-martida Konstitutsiyaviy sud tomonidan ham loyiha o‘rganilgan va uni Konstitutsiyaga muvofiq deb topgan.  

Shu bois, muhokamalar yakunida senatorlar tomonidan ham “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazish haqidagi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra Referendum 2023-yil 30-aprel kunga tayinlandi.  

Ta’kidlash joizki, 5-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi bo‘lib o‘tadigan Referendumda ovoz berish byuletenining shakli va tavsifini tasdiqladi. Unda yangi Konstitusiyani qabul qilasizmi degan savol “ha” yoki “yo‘q” deb javob berish aks etgan. Hattoki byuletenni ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi.  

Shunday qilib, referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasi ekanligi, unda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega ekanligi namoyon bo‘lmoqda.

 Men shunday xulosaga keldimki, hozirgi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar qizg‘in pallada davom etmoqda. Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki Referendum kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etishi, ushbu o‘ta muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonga befar bo‘lmasligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida erkin va ixtiyoriy ravishda yurtimizning gullab-yashnashi, obod diyorga aylanishi, inson huquq va erkinliklari, manfaatlarining yanada yaxshilanishi borasida o‘zining odilona munosabatini bildirishi lozim.

Muhtaram Prezidentimiz - “Konstitutsiya va qonun ustivorligi – huquqiy demokrativ davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir” nomli ma’ruzalarida ta’kidlaganidek, “Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarni o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitusiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Rustamova Saboxat Anvarjon qizi,

JIDU qoshidagi Akademik litsey o‘quvchisi