Yoshlar manfaatlari Konstitutsiya darajasida
24.04.2023 711
Mamlakatimizda yoshlar uchun ayni ulkan siyosiy jarayonlar vaqti desam o‘rinli bo‘ladi. Yangilanayotgan Konstitusiyamizda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir. Konstitusiyaviy islohotlar jarayonida yoshlar ham faol ishtirok etdi. «Mening davlatim», «mening Konstitusiyam», degan nuqtai nazardan takliflar berishdi. Takliflarning 60 foizi aynan yoshlardan kelib tushgani bunga yaqqol dalildir. Zero, bugungi yoshlar o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi, mamlakat hayotiga, kelajagiga befarq emas.
Yoshlarning taqdim etgan takliflari loyihada o‘z aksini topmoqda. Jumladan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi yoshlarga katta motivasiyadir.
Yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish joiz: oliy ma’lumotga ega bo‘lgan inson bilan oliy ma’lumotga olmagan insonning dunyoqarashi o‘rtasida ham katta farq bo‘ladi. Shuning uchun ham yoshlarni ko‘proq oliy ta’lim bilan qamrab olish umumiy savodxonlik darajasining ko‘tarilishiga ham hissa qo‘shadi.
Oliygohlarga qabul so‘nggi olti yilda 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga yetdi. Qamrov esa, 9 foizdan 38 foizga oshdi. Misol uchun, 2016 yilda 77 ta oliygoh bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 210 tani tashkil qilmoqda. Shu bilan birga 2017 yilgacha oliygohlarga kirish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan. Oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi. Shundan, magistratura uchun – 5 baravar ko‘paydi.
Endi, yoshlarimizning oliygohlarga davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilanmoqda. Ya’ni, bundan buyon davlat grantlari ko‘paysa-ko‘payadi, lekin qisqarmaydi.
Aholining keng qatlamlarini oliy ta’lim bilan qamrab olish masalasi Prezidentimiz tomonidan BMT minbarida ham ko‘tarilgan va 2030 yilgacha O‘zbekistonda 50% yosh aholi oliy ma’lumotga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Shu sababli oliy ta’limni olish huquqi Konstitusiya darajasigacha oshirilmoqda.
Hamma ham kontraktda pul to‘lab o‘qiy olmasligi mumkin. Shu sababli Konstitusiyada tanlov asosida davlat byudjeti hisobidan o‘qish imkoniyati qat’iy mustahkamlanmoqda. Mening shaxsiy fikrimcha har bir yosh ushbu siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmagan holda, o‘z kelajagi uchun referendum jarayonlarida nafaqat faol bo‘lishi balki yosh targ‘ibotchisiga aylanishi ham zarur. Bu borada ayni mahalladagi yoshlar yetakchilarining o‘rni katta!
Shoxrux QO‘CHQOROV,
Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 3-bosqich talabasi