29.09.2021 1889

Jamiyatni haqiqiy jamiyat qiluvchi omillardan biri – hayotiy qarorlarni koʻpchilik boʻlib qabul qilishdir. Qarorlar qabul qilishda yakka shaxslar yoxud jamiyatning baʼzi guruhlari emas, balki hamma  ishtirok etishi kerak. Axir, donishmand xalqimiz “qirq uydan etak toʻlar”, “birlikda baraka bor”, “birlashgan yovni qaytarar”, “birlik bor tiriklik bor”, “maslahatli toʻy tarqamas” deb bejizga aytmagan.

Bilasizmi, asrlar davomida yashab kelayotgan maqollarimizda buyuk, lekin oddiygina  haqiqat yashiringan. Tarixdan bizning zamonamizgacha yetib kelgan hikmatlar xalqning hayot tajribasidan kelib chiqqan haqiqatdir. Maqollarda butun bir kitoblarga teng chuqur maʼno bor. Har bir xalq asrlar davomida katta hayotiy tajriba toʻplaydi va shu tajribani turli vositalar bilan kelajak avlodlarga meros qilib qoldiradi. Oʻzbek xalqining asrlar davomida hayotiy tajribasi bebaho va hozirgi zamonaviy dunyoda ham as qotadi.

“Maslahatli toʻn tor kelmas”, “ikki kengash bir boʻlsa, ellik yigit yuz boʻlar”, “kengashib kesilgan qoʻl ogʻrimas”  deganda, har bir ishni maslahatlashib qilish kerakligini taʼkidlagan dono xalqimiz.  Zero koʻpchilik bilan qaror qabul qilishda hamjihatlik bilan har bir shaxsning aqliy salohiyatiga tayaniladi. Buni roʻyobga chiqarish vositalaridan biri esa – saylovdir. Bunda jamoa oralaridan eng saralarini saylab olib, ularga qarorlar qabul qilish masʼuliyatini ishonib topshiradilar.

Saylov – jamiyatni haqiqiy jamiyatga aylantiruvchi muhim omildir. Xoʻsh, nima uchun bu qadar muhim?

Maʼlumki, qadimgi davlatchilik tizimida ham ovoz berish yoʻli orqali nomzodlarni saylash tizimi mavjud boʻlgan va bu bugungi kungacha davom etib kelmoqda. Avvalo, bu qonunan fuqarolarning konstitutsion burchi sanaladi. Shuningdek, saylov xalqning oʻz xohish va istaklarini amalda toʻla namoyon etuvchi va uni amalga oshiruvchi muhim siyosiy jarayondir.

Albatta, fuqaro saylovda ovoz bermasligi ham mumkin. Bu uning huquqidir. Lekin bir jihatni unutmasligimiz kerakki,  saylovlarda bir kishining taqdiri yotmaydi. Saylovlar oʻzida xalq taqdiri, kelajagi, erkinligi, ijtimoiy-siyosiy huquqlari va manfaatlarini aks ettiradi.

Saylovlar farzandlarimizning ertangi hayoti, unib-oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va farovon hayot kechirishining muhim garovi ekanligiga loqayd qarash mumkinmi? Noloyiq odamlarni saylab qoʻyib jamiyat emas, tarqoq omma boʻlib qolmaslik, kelajak avlodni qorongʻilikda qoldirmaslik uchun  yelkamizdagi masʼuliyatni his qilish darkor. Saylovlarga befarqlik, kimni saylayotganini-da bilmaslik, jamiyat kelajagiga loqayd qarash – bularning barchasi ogʻir oqibatlarga olib kelishi shunchaki quruq gap emas-ku. Avvalo, yurt farzandi Vatan taqdiriga hech qachon befarq boʻlmaydi. U doim oʻz pozitsiyasi va huquqiy daxlsizligini munosib nomzodga ovoz berish yoʻli orqali ifodalay olishi kerak.

Faqatgina har bir odam oʻzidagi beparvolikni yengsagina, oʻzi, oilasi, farzandlari, qolaversa, butun xalqimiz hayotiga masʼuliyat bilan qaraydigan boʻlsagina, ushbu jamiyatda taraqqiyot boʻladi.  Shunday hissiyot va fikr-qarashlar har bir yurtdoshimning qalbi va ongiga chuqur kirib borsa, biz munosib hayot quramiz. Bu zinhor balandparvoz gaplar emas, oddiygina ishonch, gardanimizdagi masʼuliyat! Jamiyatda qanday maqomga ega boʻlishimizdan qatʼi nazar,  biz saylovchimiz! Har birimiz saylash, kelajak yoʻlimizni tanlash imkoniga egamiz. Beparvolikka haqqimiz yoʻq.

Oʻz vatanining taqdiriga, qoʻshnining taqdiriga befarq boʻlgan kishidan xavfliroq odam yoʻq. Dunyodagi barcha yomonliklarning ildizi befarqlikdir!

Dunyo befarqlikdan halok boʻladi.

Shunday ekan, har birimiz saylovlarda ishtirok etish orqali Vatan taqdiriga, qolaversa oʻzimizning, oilamizning va yaqinlarimizning taqdiriga befarq boʻlmasligimiz kerak.

Saylov – har bir fuqaroning Vatan oldidagi siyosiy burchidir. Saylov men uchun muhim, oilam va farzandlarim kelajagi uchun muhim! Mening ovozim esa   taraqqiyot va farovonlik tomon tashlangan muhim qadamlardan biri boʻlishiga ishonaman.

Bizning bugungi toʻgʻri qarorimiz ertangi rivojlanishimiz, chiroyli hayotimiz, mamlakatimiz kelajagini belgilab berishi shubhasiz.

Abduraxmanova Mexribon
Oʻzbek va rus tillari kafedrasi mudiri