Islom terrorni inkor etadi
12.06.2021 1686
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorining maslahatchisi, siyosiy fanlar doktori, professor Shuhrat Gʻoyibnazarovning “Islom terrorizmga qarshi” monografiyasi “Oʻzbekiston” NMIUda nashr etildi.
Olim anchadan buyon xalqaro munosabatlar, global tahdid va tajovuzlar muammolari bilan shugʻullanadi. U respublikamizda terrorologiya fani asoschilaridan biri hisoblanadi. Olimning qator ilmiy asarlari AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda chop etilgan, xorijning yetakchi universitetlarida global muammolar boʻyicha forumlar va anjumanlarda maʼruzalar qilgan.
Ushbu monografiyada yurtimizda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom dinining asl mohiyatini yoritish orqali unga qarshi fitnalar, buzgʻunchilik, tajovuz va tahdidlar uyushtirib kelayotgan radikal oqimlarning gʻarazli maqsadlari, islom dinini siyosiylashtirish va obroʻsizlantirishga qaratilgan urinishlariga boʻlgan nuqtayi nazar va munosabat ilmiy tahlil etilishi barobarida, “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkilotining paydo boʻlishi va evolyutsiyasi misolida butun insoniyatning global xavf va chaqiriqqa duchor boʻlganligi kompleks yoritilgan.
Xususan, kitobda taʼkidlanishicha, terroristlar va yollanganlarni jalb qilishning asosiy platformasi, shubhasiz, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar boʻlib, ular orqali jahondagi 100 dan ziyod mamlakatlardan 84 foiz yoshlar terrorchilik saflariga aynan internet orqali qoʻshilishgan.
Internetda joylashtirilgan materiallar vositasida jalb qilinganlarning 41 foizi internetda “Islom davlati”ga sodiqlik haqida qasamyod qilgan, 19 foizi teraktga tayyorlanishda onlayn koʻrsatmalardan foydalangan. Yollovchilar qurbonlarining yoshlari 14-30 yoshgacha boʻlib, shulardan 70 foizi 25 yoshgacha boʻlganlardir. Terrorchilar tomonidan yoshlarni yollash sxemasi juda oddiy, u 3 bosqichdan iborat: motivatsiya – (ruhlantirish), kommunikatsiya (aloqa) va bevosita jangarilar safiga qoʻshilish.
Terrorchilar oʻz qabih rejalarini amalga oshirishda koʻplab gʻayriinsoniy amaliyotlarni, yaʼni bu tajovuzkor urushda bolalardan tirik qurol sifatida foydalanishi BMTning harbiy mojarolarda bolalarni jalb qilishni taqiqlashga zid ravishda amalga oshirganliklari, hatto yosh onalarga maxsus qoʻllanma ishlab chiqib, oʻziga xos koʻrsatmalar berilganligi, shuningdek, “Islom davlati” oʻzining sharʼiy tushunchalariga asoslanib ayollarning yashash, oʻqish, ishlash va hatto erkin harakatlanishga boʻlgan huquqlarini cheklaydigan oʻrta asr qonun-qoidalarini oʻrnatganliklariga koʻplab misollar keltirilgan.
Muallif taassuf bilan hozirga qadar ayrim yoshlarimiz terrorchilar mafkurasi tuzogʻiga tushayotganliklariga oid misollar beribgina qolmay, bu hollarning sabablarini chuqur tahlil qilgan va tegishli profilaktik tavsiyalar bergan. Tadqiqotda ilmiylik va xolislik mezonlariga amal qilingan va birlamchi manbalar – Qurʼon, Tafsir, Hadis, va qator ilmiy-maʼrifiy tadqiqotlarga asoslanilgan.
BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning mavzuga oid Konvensiya va Rezolyutsiyalaridan oʻrinli foydalanilgan. Milliy qonunchiligimiz hujjatlariga iqtiboslar berilgan, mamlakatimizda terrorizm profilaktikasi mohiyati va mazmuni, huquqiy va tashkiliy asoslari, siyosiy va mafkuraviy jihatlari atroflicha yoritilgan. OAV, internet, raqamli texnologiyalarning oʻrni va vazifalari ochib berilgan. Yangi Oʻzbekiston sharoitida terrorizmga qarshi “oʻzbek modeli” mohiyati va mazmuni koʻrsatilgan.
Yoshlar bilan ishlashda ularning ijtimoiylashuvi va bandligini taʼminlashda davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolarining hamkorligi masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Ijtimoiy muammolarni hal etish boʻyicha tegishli ilmiy-amaliy tavsiyalar berilgan.
Ilovalarda mavzuga oid Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat va maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslaridan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonunidan iqtiboslar, zamonaviy dunyodagi asosiy terrorchilik tashkilotchilari roʻyxati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019-yil 12-martdagi hal qiluv qaroriga koʻra, Internet jahon axborot tarmoqlaridagi ekstremistik va terroristik deb topilgan tashkilotlar nomlarining roʻyxati, glossariy va boshqa tegishli hujjatlar oʻrin olgan va bu ilovalar kitob mazmunini yanada boyitishga xizmat qilgan.
Muallif mazkur monografiya xulosasida shunday deb yozadi: «Terrorizm ijtimoiy-siyosiy hodisa sifatida insoniyat tarixida qadimgi zamonlardan beri oʻzining shafqatsizligi, gʻayriinsoniyligi va aqidaparastligi bilan alohida ajralib turadigan hodisa. Terrorchilar diniy omilni oʻz maqsadlari uchun ishlatganda, bu hodisa ikki baravar xavfli tus oladi. Islom dini niqobi ostida muqaddas kitoblardagi baʼzi soʻzlarni oʻzlaricha talqin qilgan holda jihod, terrorizm va zoʻravonlikni targʻib qiluvchi tuzilma hamda tashkilotlar soni bugungi kunda oz emas.
Va ularning islomdagi haqiqiy oʻrni va ahamiyatini tushunish uchun biz xorijiylar, mutaziliylar, murjiiylar, keyinchalik salafiylar, vahhobiylar va boshqa oqim hamda yoʻnalishlar, radikal oqimlar va tashkilotlarning faoliyatini yoritishga harakat qildik, buyuk mutaffakirlarimiz asarlariga va ularning asl islom dinining pokligi yoʻlida qoʻshgan hissalariga murojaat qildik».
Monografiyani terrorizm, ekstremizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi barcha tashkilotchilarga, talabalar, kursantlar va oʻquvchi-yoshlar, targʻibotchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchilarga, mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlarida maʼrifiy tadbirlar uchun, hamda mazkur muammo bilan qiziquvchi keng oʻquvchilar ommasiga qimmatli qoʻllanma sifatida tavsiya etish mumkin.
Kitob kirill va lotin alifbolarida chop etilgan.
Manba: OʻzA