06.02.2021 1939

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-yanvar kuni yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar biz yoshlar uchun nihoyatda muhim. Chunki ular bugungi kunimiz, taraqqiyotimiz uchun zarur, ijrosi shart boʻlgan vazifalardir.

Zero, mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar aholining 55 foizini tashkil etishini inobatga olsak, biz yoshlar bugunimizni, ertamizni yaratadigan  katta kuchmiz. Biz zamon bilan hamnafas, yangicha izlanadigan, yangicha ishlashda tayanch boʻladigan Davlatimiz rahbarining qoʻl-qanotlari boʻlishimiz lozim.

Videoselektor yigʻilishida yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangicha tizimni joriy etishda 2 muhim yoʻnalishni belgilab olish zarurligi alohida taʼkidladilar.

Birinchisi – yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarga oʻqitish orqali ularning bandligini taʼminlash boʻlsa, ikkinchisi – yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishdir.

Bunga zamonimizdan, bugungi sharoitimizdan yondashishni oʻrganishimiz kerak. Pandemiya koʻpgina rejalarimizni oʻzgartirib yuborgan boʻlishiga qaramay, bizlarga masofada turib ham samarali ishlashni oʻrgatib qoʻydi. Shu jumladan, yoshlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitishga moʻljallangan anʼanaviy kurslar bilan birga masofaviy oʻquv kurslarini ham koʻpaytirish boʻyicha ishlar olib boriladi.

Joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish yana bir muhim tashabbuslardan biri boʻldi. Shuningdek, “Yoshlar: 1+1” dasturi orqali yoshlarni tajribali tadbirkorlarga ustoz-shogird anʼanasi asosida biriktirib, ularda biznes koʻnikmalarini shakllantirish, ularga oʻz biznesini boshlashlari uchun yoʻl-yoʻriq koʻrsatish zarur hisoblanadi.

Oʻylashimcha, ishsizlik, bandlik muammosi yoshlarni eng koʻp qiynayotgan masalalardandir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, respublikamizda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foizni tashkil etadi. Bu aholi orasidagi umumiy ishsizlik darajasidan ham koʻp hisoblanadi. Yoshlar ish bilan taʼminlashi uchun avvalo kerakli bilim va koʻnikmaga ega boʻlishlari, buning uchun boʻlsa oʻqishga, ilm oʻrganishga, kasb oʻrganishga koʻproq eʼtibor berish muhim hisoblanadi.

Ishsiz yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, ularning takliflarini, fikrlarini oʻrganish uchun hukumat vakillari mahallalar tizimida yoshlar bilan ishlamoqda. Yoshlar dafatariining yaratilganligi bu boradagi chora-tadbirlarni yanada faollashtirdi.

Baʼzi joylarda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish boʻyicha qurilgan oʼbektlar boʻsh turganligi, jihozlar yetishmovchiligi, toʻgaraklar ishlamayotganligi ham hammaga maʼlum. 

Bu kabi muammolarni tizimli hal etish, ular bilan tuman va shahar kesimida ishlash uchun har bir yoʻnalish boʻyicha alohida mutasaddilar biriktirib berildi. Unga koʻra, yoshlar bandiligini taʼminlash masalalariga tuman yoki shahar hokimning iqtisodiyot, investitsiyalar va qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari, yoshlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish boʻyicha soliq idorasi, savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbarlari, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga hokimining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari maʼsul etib biriktirildi.

Shuningdek yigʻilishda uyushmagan yoshlar bilan ishlashga xam alohida toʻxtalib, ular bilan tuman prokurori, ichki ishlar va mudofaa boʻlimi boshliqlari muntazam shugʻulanishlari zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shu yilning oʻzida 500 ming nafar yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilib, ularning bandligi taʼminlanishiga erishilishadigan boʻldi.

Yoshlar parlamenti aʼzosi sifatida selektorda tilga olingan har bir masala va uning amaliy yechimiga oid takliflar bizning zimmamizga ham alohida masʼuliyat yuklaydi. Chunki joylarda tengdoshlarimiz bilan uchrashar ekanmiz, ayrim hollarda ularning muammosiga guvoh boʻlamiz. Ular orasida tashabbuskorlari nihoyatda koʻp. Yangi biznes ochishga ishtiyoqi balandlar ham talaygina. Endilikda selektorda bir necha tizim rahbarlariga belgilangan vazifalar, ularning ijrosiga oid tadbirlar — bizning bu boradagi ishimizni yanada osonlashtiradi. Yoshlar parlamenti mamlakatimiz yigit-qizlarining xohish-istaklari minbariga aylanishi uchun tinmay harakatdamiz.

Nazlimxon ABDIJABBOROVA,
Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi.

Xalq soʻzi №24(7804), 2021 yil 3 fevral