08.01.2021 2021

Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida mamlakatimiz tashqi siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlariga va galdagi vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Unda Yangi Oʻzbekistonning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat olib borishga sodiqligi yana bir bor bayon etilib, bu sohadagi ustuvor yoʻnalishlar qatorida nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish dolzarb masala sifatida belgilab berildi.

Zero, pandemiya sharoitida nafaqat ikki, balki koʻp tomonlama institutsional hamkorlikni faollashtirish nihoyatda dolzarb ekanligini hayotning oʻzi tasdiqlamoqda.

Maʼlumki, institutsional hamkorlik zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining muhim va ajralmas qismidir. XXI asrda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning nufuzi va salohiyati yanada yuksalib, ularning jahon siyosatiga taʼsir kuchi ham ortib bormoqda.

Misol uchun, pandemiya paytida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining roli keskin ortib ketdi. Yoki koronavirus keng tarqalgani sababli iqtisodiy jihatdan ogʻir ahvolda qolgan davlatlarga moliyaviy koʻmak koʻrsatayotgan global moliya tashkilotlarning oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.

Shu nuqtai-nazardan, mazkur masalaga Murojaatnomada ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtibor berilishi Oʻzbekiston rahbariyatining dunyodagi shiddatli jarayonlarga toʻgʻri va oqilona baho berayotganidan hamda mamlakatimizning xalqaro nufuzining yuksaltirishga boʻlgan qatʼiy siyosiy irodasidan dalolat beradi.

Institutsional hamkorlik xalqaro maydonda Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini ishonchli himoya qilish va jadal ilgari surish, uning ochiq va doʻstona hamkor sifatidagi ijobiy imijini qaror toptirishda muhim omil sanaladi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda davlatimizning bir qator mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari izchil tarzda rivojlanib bormoqda. Bunga Birlashgan millatlar tashkiloti, uning koʻp sonli ixtisoslashgan tuzilmalari, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi koʻplab tashkilotlarni misol qilib koʻrsatish mumkin.

Oʻz navbatida, yetakchi ekspert va tahlilchilar Oʻzbekistonning ochiqlik va shaffoflik, yaqin qoʻshnichilik, barcha davlatlar bilan doʻstlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini olib borish tamoyillariga sodiqligini eʼtirof etib, rasmiy Toshkentning yangicha yondashuvlari bilan butun Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy muhit qaror toptirganini bir ovozdan tan olmoqdalar.

Bir paytlar inson huquqlari borasida qator roʻyxatlardan joy olgan mamlakatimiz endilikda bunday huquqlarni taʼminlash asosiy faoliyati boʻlgan BMTning nufuzli kengashlaridan munosib oʻrin egallamoqda.

Ayni paytda Oʻzbekistonning xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan ham aloqalari yangi bosqichga koʻtarilayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Qisqa fursat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi milliy parlamentlarning nufuzli xalqaro tashkiloti hisoblangan Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzoligini qayta tikladi. Tiklabgina qolmay, hatto uning raisligiga oʻz vakilini ilgari surdi.

Parlamentlararo muloqotlarning faollashayotgani sohada mavjud muammolarni ochiq muhokama qilishda bevosita ishtirok etish, qonun ijodkorligi, vakillik hamda parlament diplomatiyasi kabi yoʻnalishlarda ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va oʻzlashtirish, demokratik qadriyatlar va inson huquqlarini qaror toptirishga yaxshi zamin yaratadi.

Bundan tashqari, Oliy Majlisning YEXHT Parlament Assambleyasiga aʼzoligining qayta tiklanishi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi ishida toʻlaqonli ishtirok etishi parlamentlararo aloqalar joʻgʻrofiyasi va koʻlamiga yaxshi ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Natijada parlament diplomatiyasining ikki va koʻp tomonlama institutsional aloqalarni rivojlantirish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini xorijiy sheriklarga xolisona yetkazishda, davlatimizning u yoki bu masalaga boʻlgan pozitsiyasi va xalqaro tashabbuslarini xalqaro hamjamiyat diqqatiga havola etishda taʼsiri tobora oʻsmoqda.

Zero, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan uzoq muddatli va koʻp qirrali aloqalarni rivojlantirish mamlakatimizning tub manfaatlarini mujassam etadi.

Otabek NAYIMOV,
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori