03.01.2021 2247

Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekiston Respublikasida barcha yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar tashqi siyosat sohasida ham oʻzining yaqqol natijalarini bermoqda.

Bu nafaqat mintaqa siyosatshunoslari tomonidan, balki xalqaro maydonda koʻzga koʻringan yetakchi ekspert va tahlil doiralar vakillari tomonidan ham tan olinmoqda va munosib baho berilmoqda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida Oʻzbekiston rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan pragmatik, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat nafaqat bu mintaqada, balki unga yondosh va bir-biriga bogʻliq mintaqalarda ham oʻzaro hamkorlikni kuchaytirmoqda, mutlaqo yangi siyosiy ob-havoni yaratmoqda.

Murojaatnomada Markaziy Osiyo mintaqasidagi aloqalar rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilgani bejiz emas. Bir paytlar bir-biri bilan oʻzaro hamkorlik muammolari sababli ikki tomonlama aloqalari sunʼiy rivoj topmay turgan mamlakatlar bugun rasmiy Toshkentning yangicha va zamonaviy yondashuvlari, yaqin qoʻshni va qardoshlarga doimo koʻmak-yordamga tayyor ekanligi sababli hamkorlik bobida har qanday masalalarga toʻgʻri va oʻzaro foydali yechimlar topilmoqda.

Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari bilan oʻzaro munosabatlarining rivojlanishida mavjud tendensiyalarni chuqur ilmiy va fundamental oʻrganish va ularni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan mintaqada yagona boʻlgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi.

Albatta, pandemiya sharoitida jahonda kechayotgan keskin geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro munosabatlarni yangi reallikka moslash, transformatsiya qilish kabi ustuvor talablarni ilgari surmoqda.

Yuqoridagi omillardan kelib chiqqan holda, Murojaatnomada Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosat konsepsiyasini takomillashtirish zarurligi aytib oʻtildi. Aslida har bir davlat bor ekan, uning tashqi siyosat konsepsiyasi ham mavjud boʻladi va kelgusi 5-10 yillik ustuvor tamoyillarni oʻzida aks ettiradi.

Albatta, 2012-yilda ishlab chiqilgan Konsepsiya ham bugungi kunda dolzarb va amaliy ishchan tayyorlangan. Biroq, Yangi Oʻzbekistonda endilikda olib borilayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni toʻliq inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik ustuvor maqsadlarimizdan kelib chiqib uni mukammallashtirishni zamonning oʻzi hayotiy muhim zaruriyatga aylantirdi. Shu maʼnoda ilgari surilgan ushbu taklif nihoyatda oʻrinli va puxta ilmiy asoslangani bilan eʼtiborimizni tortdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanib borayotgan eksport salohiyati uchun yangi bozorlarni izlab topish, transport infratuzilmalari rivojlantirish, okeanga chiqish imkoniyatlarini yanada mustahkamlash maqsadi har doim dolzarb boʻlib qolmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi har doim qoʻshni Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi deb qarab keladi va uning mintaqa davlatlari bilan aloqalarini chuqurlashtirishga jiddiy urgʻu berib kelmoqda.

Afgʻonistonda qayta tiklash va iqtisodiy yuksalish jarayonlariga yurtimizning yordam koʻrsatishi qandaydir qisqa va bir tomonlama manfaatlarga asoslanmagan. Aksincha, “qoʻldan kelgan barcha yordamni koʻrsatish”dek samimiy va ezgu niyat bilan amalga oshirib kelinmoqda.

Shu oʻrinda Afgʻoniston davlati zamonaviy tarixda Oʻzbekiston bilan bu qadar yaqin, bu qadar keng qamrovli va ishonchli aloqalar olib bormaganini eslash oʻrinlidir.

Afgʻon zaminida temir yoʻl qurilishi, Termizda afgʻonistonlik yoshlarning taʼlim olishi, pandemiya tufayli koʻrsatilayotgan tibbiy yordam, Oʻzbekiston chegarasi orqali bu mamlakat ehtiyoji uchun zarur boʻlgan barcha yuklarning emin-erkin oʻtishi uchun yoʻllarning ochiqligi, afgʻonlararo tinchlik muzokaralarning faol tarafdori boʻlish – bu asriy qoʻshni xalqqa boʻlgan ehtirom va koʻmakning bir qismi xolos.

Afgʻoniston orqali transport yoʻlagini barpo etish orqali Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bu chindan ham global tashabbus boʻlib, submintaqamizning taraqqiyot qon tomiri boʻla olishga qodir strategik reja hisoblanadi.

Albatta, bu koridor orqali nafaqat Oʻzbekiston eksport yuklarini jahon bozorlariga chiqarishning muqobil yoʻli yaratiladi, balki bunga Qozogʻiston, Rossiya, Pokiston, Hindiston kabi katta salohiyatga ega davlatlarning bevosita manfaatlari tutashadi va rasmiy Kobul tranzit tufayli hali milliardlab daromad topish imkoniyatiga ega boʻladi.

Qolaversa, jafokash afgʻon xalqi, transafgʻon yoʻlagi orqali, ichki savdoni faol rivojlantirib, urushdan keyingi davrda iqtisodiy qoloqlik, boy yer osti resurslaridan foydalana olmaslik kabi zaif jihatlarini samarali bartaraf etish uchun yaxshi imkoniyatga ham ega boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Murojaatnomaning tashqi siyosat qismida belgilangan har bir vazifa va masala nihoyatda katta ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Bildirilgan dasturilamal topshiriqlarning har birini fundamental oʻrganib chiqish, darsliklar va qoʻllanmalarda amaliy ifoda ettirish, dars jarayonlarida talabalarimizga yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, doktorlik ishlarini olib borayotgan izlanuvchilarimizning tadqiqot mavzulari sifatida puxta oʻrganish universitetimiz ilmiy-pedagogik jamoasining, tarkibimizdagi tahliliy markazlarning yangi yilda asosiy vazifasi boʻlib qoladi.

Komiljon KARIMOV,
JIDU rektori, siyosiy fanlar nomzodi

Manba: OʻzA