Siyosiy fanlar va matematika: fanlararo hamkorlik va aloqadorlikning yangi qirralari
24.05.2020 4156
2020-yil 7-mayda Prezidentimizning “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4708-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorning mazmun-mohiyati shundan iboratki, unda mamlakatimiz ilm-fan sohasidagi taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi sifatida matematika fanini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilgan.
Maʼlumki, insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida ilm-fanning matematizatsiyalashuv tendensiyalari tobora kuchayib bormoqda. Matematik usul va modellar amaliy hayotning barcha jabhalariga har qachongidan ham koʻproq tadbiq etilib, aniq matematik yechimlar asnosida taraqqiyotning turlicha ehtimoliy koʻrinishlari sinovdan oʻtqazilmoqda. Natijada matematikaning boshqa fanlar bilan oʻzaro aloqadorligi oʻsib, matematik modellash asosida fanlararo yondashuv zamonaviy taʼlimning barqaror xususiyatlaridan biriga aylanib qoldi.
Shunisi eʼtiborliki, mazkur qarorda amaliy matematikani rivojlantirish, uni ishlab chiqarish jarayonlariga keng jalb etish hamda turli muammolarni modellashtirish asosida matematik yechimlar ishlab chiqish muhimligi belgilab qoʻyilgan. Taʼkidlash joizki, hozirgi paytda bu yoʻnalishda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, universitetning Magistratura bosqichi “Amaliy siyosatshunoslik” yoʻnalishida kadrlarni fanlararo yondashuv asosida tayyorlash, fanlarning oʻzaro integratsiyasi hamda ilm va amaliyot uzviyligini taʼminlash, sohadagi muammolarni modellashtirish orqali matematik yechimlarni ishlab chiqish maqsadida “Siyosiy jarayonlarni modellashtirish”, “Tizimli tahlil” hamda “Siyosiy tahlilda oʻyinlar nazariyasi” kabi fanlar oʻqitilmoqda. Mazkur fanlar magistr talabalarda siyosiy hayotdagi muammolarni modellashtirish asosida tezkor matematik yechimlar topish, muayyan davlatning taraqqiyot modellarini qiyosiy oʻrganish, tizimli fikrlash, bugungi tez oʻzgaruvchan va murakkab siyosiy jarayonlarda toʻgʻri qarorlar qabul qilish, voqealar rivojini prognozlash hamda boshqa davlatlarning hatti-harakatlarini toʻgʻri baholash kabi gʻoyatda zarur kasbiy mahoratni shakllantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, matematik modellashtirish va raqamlashtirish sohasida erishilgan yutuqlarni siyosiy fanlarni oʻqitishda keng joriy etish mumkin. Shubhasiz, bu omillar siyosiy fanlar sohasidagi tadqiqotlarning ilmiy asoslarini yana-da mustahkamlanishi, mazmunan boyishi va takomillashuviga zamin yaratadi.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur qarorning qabul qilinishi mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida juda muhim boʻlgan matematikani rivojlantirish, bu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda matematik usullardan ishlab chiqarishning barcha jabhalarida keng foydalanish imkonini beradi. Zero, aniq ilmiy kategoriyalar asosida tafakkur qilish, olingan bilimlarni tizimlashtirish, puxta tahlil qilish hamda oʻzi tanlagan sohani boshqa fanlar kesimida, jumladan, matematik usul va modellar asosida yana-da mustahkamlashni davrning oʻzi talab qilmoqda.
Otabek NAYIMOV,
Siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori
Manba: OʻzA