13.05.2020 4069

Otajon! Xayot yoʻlingiz ibratlidir

Xotirangiz abadiy!

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, yuridik fanlari doktori, professor Raxmonqulov Xodji-Akbar Raxmonqulovich – yirik olim, ulugʻ ustoz-murabbiy va mehribon Ota. Men uchun esa birinchi navbatda – mehribon, qalbidaryo OTA. Bizning oila juda katta edi, sababi otam nafaqat oʻz farzandlariga mehribon ota, balki har bir shogirdlariga oʻz farzandidek koʻngil qoʻygan mehridaryo inson edilar. “Edilar” deb gapiramizu, ammo otamning mehrlari, oʻgitlari umr boʻyi bizga doim xamroh. Hayot yoʻllarida adashmasdan ildam qadam bosishimiz uchun ibratli bir mayoqdir. Har tomonlama mukammal, nuqsonsiz boʻlishi mumkin ekan inson.

Otam doimo “Faqat Vatan, degin shunda yoʻldan adashmaysan”, “Dil ba yoru, dast ba kor” degan ibratli soʻzlarni bot-bot taʼkidlar edilar. Bu soʻzlar hayot yoʻlimni boshqarib kelmoqda. Cheksiz minnatdorchilik tuygʻusi bilan yashamoqdaman! Shunday inson farzandi boʻlganimdan faxrlanaman va munosib boʻlishga harakat qilaman!

Otam oʻzlari ham hamisha ushbu aʼmollarga amal qilib yashaganlar. Oʻzimni tanigan ekanman, otam doim ish stollarida monografiya yoki darslik yozib oʻtirgan boʻlar edilar, ayrim paytlari ushbu holat gohida ertalabgacha ham davom etar edi. Men xali juda qichik boʻlganimda yonlariga oʻtqazib, oldimga koʻpgina suratli kitoblarni qoʻyib qoʻyar edilar. Men ularni avval varaqlab, katta boʻlganim sari esa, oʻqib oʻtirar edim. Biz, yaʼni farzandlari, shogirdlari otamni faqat shu alfozda koʻrib ulgʻaydik. Inson hayotining bir daqiqasi ham zoye ketmasligi kerakligini, har bir on izlanish bilan oʻtishi lozimligini anglab katta boʻldik.

Xonadonimizga doimo shogirdlari kelib turishardi va otam bilan suhbatdan soʻng gʻayrat bilan ishga kirishishlarini, ruhiyatlari koʻtarilishini, otam ularga kuch berishlarini, taʼkidlashar edi. Otam ham ular bilan suhbatlashishni juda xush koʻrar edilar. Suhbat jarayonida otam oʻtmishda ilmga berilgan eʼtibor, mashaqqatli kunlar, Ulugʻ Vatan urushi davridagi boshidan oʻtkazgan kechinmalari, sivilistika fanlarining dolzarb muammolari va ularni hal etish istiqbollari haqida soʻzlab berar edilar.

Otam shogirdlarini farzandlari kabi yaxshi koʻrishlarining yana bir tasdigʻi shuki, ularning nafaqat ilmiy va kasbiy faoliyatlaridagi muammolari, balki shaxsiy va oilaviy muammolari bilan ham qiziqar va kuyunchaklik bilan u yoki bu masala boʻyicha maslahat berar, muammoni hal qilishda qoʻllaridan kelgancha yordam berishni xohlar va harakat qilar edilar.

Sadoqatli shogirdlaridan biri, professor Omonboy Oqyulovning “Ziyoli inson, ustoz qanday boʻlishi kerak, degan savolga bir ogʻiz soʻz bilan, Xodji-Akbar Raxmonkulovichday boʻlishi kerak, deb javob bergan boʻlardim”, deya taʼkidlagashlari, yana bir suyukli shogirdlaridan Nuriddin Normatovning “Ustoz umrining oxirigacha oʻylashdan, xolis fikrlashdan, odamlarga yaxshilik qilishdan toʻxtamagan kishi, yoshlarga madadkor boʻlgan, sabr-matonatli, hayot yoʻli barchaga oʻrnak boʻlgan, mamlakatimiz ilm-faniga, milliy qonunchiligi rivojiga katta hissa qoʻshgan buyuk insonlardan edi, bunday kishilar esa hayotda “ustoz” soʻziga qaraganda keng maʼnoga ega boʻlgan “ustod” degan nomga ham sazovordir... Ota insonni dunyoga kelishiga sababchi boʻlsa, ustoz unga hayotda yashashni taʼlim beradi”, deya qayd etishlari otam shogirdlarining qalbida oʻchmas va yorugʻ xotira qoldirganliklaridan darak beradi.

Otamni milliy sivilistika fanlarining chinori, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Ular oʻzlari tanlagan ilmiy yoʻnalish boʻyicha oʻz maktablarini yaratdilar va uni mustahkamlash yoʻlida samarali mehnat qildilar. Otam yaratgan ilm xazinasi kelajak avlodning ham sivilistika sohasidagi bilimlarini mustahkamlashda, ularning bu sohani yana-da rivojlantirishdagi izlanishlarida muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining birinchi qismiga umumiy tavsif va sharhlar”, “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga sharhlar”, “Mulk huquqi”, “Xususiy mulk va uning daxlsizligi”, “Majburiyat huquqi”, “Fuqarolik huquqining subyektlari”, “Fuqarolik huquqi obyektlari”, “Bitimlar”, “Oldi-sotdi shartnomasi”, “Fuqarolik huquqi muammolari”, “Xalqaro xususiy huquqning dolzarb muammolari va rivojlanish istiqbollari”, “Insonparvar davlat konstitutsiyasi” kabi 400 ga yaqin monografiya, darslik, maqola va oʻquv qoʻllanmalarimilliy sivilistikani rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.

Otamning tashabbuslari bilan Markaziy Osiyo davlatlaridan Oʻzbekistonda birinchi boʻlib yuridik fanlar boʻyicha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha Ixtisoslashgan kengash tashkil etildi va u nafaqat Oʻzbekiston, balki boshqa respublikalar uchun ham yuqori malakali kadrlar – huquqshunos olimlarni muvaffaqiyatli tayyorlashga hamda Falsafa va huquq institutining ilmiy nufuzini oshirishga koʻmaklashdi. Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining koʻplab ilmiy-pedagog hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining amaliyotchi xodimlari shu Ixtisoslashgan kengashining faol ishlashi tufayli ilmiy darajalar olishga musharraf boʻldilar.

Otam faqatgina Oʻzbekiston uchun emas, balki Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari uchun ham ilmiy kadrlar tayyorlash ishiga salmoqli hissa qoʻshdilar. Ularning ilmiy rahbarligida 60 nafardan ziyod fan nomzodi va 20 nafarga yaqin fan doktorlari tayyorlandi. Ular orasida Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon vakillari ham bor. Bugungi kunda ushbu yuqori malakali kadrlar oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida muvaffaqiyatli ishlamoqdalar.

Otam mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar taʼsiri oʻlaroq, yuridik kadrlarning bilimi va malakasiga nisbatan qoʻyilayotgan talablarning ortishi kabi obyektiv jarayon yuridik taʼlim tiziminizamonaviylashtirish va takomillashtirishni taqozo etishini oldindan koʻra bilib, Toshkent davlat yuridik institutida oʻz tashabbuslari bilan “Bozor xoʻjalik huquqi” (1993) va “Xalqaro xususiy huquq” (1999) kafedralarini tashkil etdilar va rahbarlik qildilar. Ushbu kafedralar yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda oʻquv rejalariga yangi fanlarni kiritdilar va ularning dasturlarini ishlab chiqdilar.

Raxmonqulov Xodji-Akbar Raxmonqulovich

Vatanparvar, yurt-fidoyisi, mamlakat ravnaqi uchun jonkuyar otam ilmiy-pedagogik faoliyatlari bilan bir qatorda jamiyat va davlat ishlarida faol ishtirok etdilar. Otamning bu fazilatlari mustaqillikning dastlabki yillarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borgan damlarda yaqqol namoyon boʻlib, ushbu lavozimda ishlagan davrlari respublikamiz hayotidagi ulkan tarixiy voqealarga toʻgʻri keladi. Mamlakatimiz davlat mustaqilligini huquqiy asoslarini mustahkamlash, uning davlat qurilishi va boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy tizimini belgilash maqsadida tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasini tayyorlash komissiyasi aʼzosi sifatida “Jamiyat va shaxs” boʻlimini tayyorlovchi ishchi guruhga rahbarlik qildilar.

Mamlakatimiz mustaqil milliy huquq tizimining shakllanishida, xususan, bozor qonuniyatlariga asoslangan iqtisodiy qonunchilik asoslarini yaratishda oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshdilar. Uzoq yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonun loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha tashkil etilgan bir kator komissilar faoliyatida faol ishtirok etdilar. Shuningdek, Fuqarolik va Oila kodekslarining loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha ishlarga boshchilik qildilar.

Shunisi eʼtiborliki, otamni xorijiy mamlakatlarda ham fuqarolik huquqi, tadbirkorlik huquqi, oila huquqi va xalqaro xususiy huquq kabi huquq sohalari boʻyicha yetuk mutaxassis sifatida yaxshi tanishar edi. Ular uzoq yillar davomida mamlakatimiz yuridik fanining obroʻsini koʻtarishga qaratilgan saʼy-harakatlarni amalga oshirdi. Jumladan, ularning asarlari nafaqat oʻzbek va rus, balki ingliz, fransuz, nemis, yapon, koreys va dunyoning boshqa tillarida ham chop etilgan. Shuningdek, Moskva, Parij, London, Berlin, Bryussel, Dublin, Amsterdam, Seul, Nagoya va boshqa jahonning turli nuqtalarida ilmiy anjumanlarda dolzarb mavzular boʻyicha maʼruzalar bilan chiqishlar qilganlar.

Fanning oʻzi tanlagan sohasidagi yuqori nufuzga ega olim sifatida otam 1991-yilda 30-noyabrda Xususiy huquq tadqiqot markazining huquqiy maslahatchisi etib tasdiqlangan edilar. Markaz reyespublikalarning boʻlgʻusi Fuqarolik kodeksi konsepsiyasini tayyorlashga qaratilgan katta ilmiy ishni bajargan. 1994-yildan 2001-yilgacha MDH Xususiy huquq ilmiy-maslahatlashuv markazi ishchi guruhining aʼzosi edilar. Bu oʻrinda ular MDHga aʼzo davlatlar Fuqarolik kodeksi modelini ishlab chiqishda faol qatnashdilar.

Oʻzbekiston ilmiy jamoatchiligi va hukumati otamning respublikamizda huquq fanini rivojlantirish va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashdagi xizmatlarini yuksak baholab, 1990-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan ularga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni berildi, 1994-yilda ular Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi muxbir aʼzosi, 2000-yilda esa haqiqiy aʼzosi, akademigi etib saylandilar. Ular “Vatan urushi”, “Hurmat belgisi” ordenlari, oʻn bitta jangovar va yubiley medallari, shuningdek Oʻzbekiston Oliy Kengashi Rayosatining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan.

Men ham otamning yoʻllarini tanlab huquqshunoslik sohasida fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajalariga erishdim. Afsuski, fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlganimni koʻrish otamga nasib qilmadi. Ammo, fan nomzodi ilmiy darajasini olish ilmiy-tadqiqot olib borganimda hayot edilar. Shuni taʼkidlashim kerakki, otam shu qadar adolatli inson edilarki, na dissertatsiyani tayyorlash jarayonimda, na Ilmiy Kengashda himoya jarayonida ishtirok etmadilar. Baʼzida ajablangan vaqtlarim ham boʻlgan, ammo otam menga “Men senga hozir yordam bersam, sen doimo mening koʻmagimga ishonib yashaysan. Oʻzing mustaqil qadam bosishga qiynalasan. Senga koʻmaklashishim senga nisbatan ham, boshqalarga nisbatan ham nohaqlik hisoblanadi” degan edilar. Bugun esa, taʼzimdaman. Kelajakni koʻra bilgan insonlar. Nomzodlik dissertatsiyasini yozishimda otamning shogirdlari Vosid aka Ergashev menga ilmiy rahbarlik qildilar va otam tamoman shogirdlariga toʻliq ishonch bildirdilar. Rahbarim menga yoʻl-yoʻriq koʻrsatganlarida “Ustoz bizga bunday oʻrgatganlar.....”, deya tavsiya va koʻrsatma berar edilar. Otam bevosita ishtirok etmagan boʻlsalarda, men ham shu maktabda tahsil oldim, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Bundan juda faxrlanaman va ustozimga ham otamning maktablarini davom ettirayotganlari uchun minnatdorchilik bildiraman.

Otam umrlarining soʻnggi kunlarigacha ilmdan bosh koʻtarmadilar. “Insonparvar davlat konstitutsiyasi” nomli asarlari vafotlaridan keyin 2014-yilda chop etilib, ushbu asar ham xalqimiz huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini har tomonlama oshirish, fuqarolarning qonunlarimiz mazmunini anglab yetishlari va ularga rioya etishlari boʻyicha faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida yozilgan asarlaridan va shunday kuyinchaklik natijalaridan biridir. Ushbu asar boʻyicha soʻngsoʻz oʻrnida sadoqatli shogirdlarining minnatdorchilik soʻzlari qayd etilgan boʻlib, ular “Bugungi kunda ham ustozni oramizda emas, deb aytishga til bormaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz huquqshunoslik fanida ustoz asos solgan ilmiy maktab va uning shogirdlari mamlakatimiz rivoji yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqda. Ilm-fanda va taʼlimda ustozning asarlari bebaho manba sifatida qoʻllardan tushgani yoʻq. Demak, ustoz tom maʼnoda barhayot inson”, deya taʼkidlashgan. Darhaqiqat, otam barhayotlar.

Soʻnggi monografiyalari “Fuqarolik huquqi muammolari”ning ikkinchi qismi boʻlib, chop etishga topshirilgan. Demakki, xazinaga tushmay qolgan boylik hali mavjud.

Bu kabi mehnatkash, ilm yoʻlida fidokor inson va shu bilan birga mehridaryo Otamning umr yoʻllari barchamizga ibrat boʻlsin. Otamning mehnat faoliyati, umr yoʻllari, ilmiy qarashlari toʻgʻrisida bir asar yozsa arziydi, toki kelajak avlod uchun ham ibrat boʻlsin. Bu kabi chiroyli, nurli, farzandlar va shogirdlar uchun ibratli hayot yoʻlini yashab oʻtish barchamizga nasib etsin.

Yu.f.d. Raxmonkulova Nilufar Xodji-Akbarovna
Manba: Akademiya yoshlari, №3(24) 7-mart 2020-yil