Ekspert fikri: YEOII tomonidan kuzatuvchi davlatga hech qanday shartlar, cheklovlar joriy etilmaydi
01.05.2020 2504
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrib chiqildi. Majlisda Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etishi maqsadga muvofiq, deb topildi hamda parlament quyi palatasining tegishli qarori qabul qilindi. Keng jamoatchilik quyi palataning mazkur qaroriga nisbatan oʻz munosabatlarini bildirmoqdalar.
Otabek Nayimov, siyosiy fanlar nomzodi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dekani:
— YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olish ushbu tashkilot bilan hamkorlik shakllaridan biridir. 2014-yilning 29-mayida qabul qilingan YEOII toʻgʻrisidagi kelishuvning 109-bandiga asosan, har qanday davlat YEOIIda kuzatuvchi maqomini olish boʻyicha tashkilotning Oliy Kengashi raisiga murojaat etishi mumkin. Oliy Kengash esa, YEOII toʻgʻrisidagi kelishuvning maqsadlari va integratsiyalashuv manfaatlaridan kelib chiqib, ariza bilan murojaat qilgan davlatga kuzatuvchi maqomini beradi yoki rad etadi. Kuzatuvchi maqomini olgan davlatlar YEOII organlarining majlislarida ishtirok etish va maxfiy xarakterga ega boʻlmagan ittifoq tomonidan qabul qilingan xujjatlarni olish huquqiga ega. Garchi kuzatuvchi maqomiga ega davlat YEOII doirasida qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etmasa-da, biroq ushbu jarayonda oʻz takliflari bilan chiqishi va oʻz nuqtayi nazarini ifodalashi mumkin. 2018-yilning 14-may kuni YEOIIning oliy iqtisodiy kengashi tomonidan “YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomi toʻgʻrisida”gi nizom qabul qilingan.
Hozirda YEOIIda kuzatuvchi maqomini olgan yagona davlat Moldova Respublikasi hisoblanadi. Ushbu davlatning YEOIIda kuzatuvchi maqomini olish uchun bir yildan ortiq muddat talab etilib, 2018-yilning may oyida kuzatuvchi maqomini olgan. Guvohi boʻlib turganimizdek kuzatuvchi maqomini olish kuzatuvchi davlat uchun hech qanday bonus, imtiyoz yoki manfaat keltirmaydi. Shu bilan birga, kuzatuvchiga YEOII tomonidan hech qanday shartlar, cheklovlar joriy etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy saytida: http://parliament.gov.uz