21.02.2020 4263

Har bir davlat avvalo oʻzining intellektual salohiyatga ega va yuksak maʼnaviyatli xalqi bilan taraqqiyotga erishadi. Bunday fazilatli xalq shakllanishining asosiy manbai kitob va kutubxonalardadir. Shu jihatdan soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ona Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashda kitobxonlik va kitob targʻibotini kuchaytirish, axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Zero, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini qaror toptirish uning maʼnaviy asoslarini mustahkamlaydi, uning ilmiy dunyoqarashini shakllantiradi, ijobiy xarakterni tarkib toptiradi, milliy qadriyatlarni insonlar hayotidan mustahkam oʻrin egallashiga zamin yaratadi.

Kitob avlodlar zanjirini mustahkamlovchi maʼnaviy meros boʻlibgina qolmasdan, balki mamlakatlar xalqlarini oʻzaro yaqinlashtiradigan bebaho neʼmatdir.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Prezidentimizning 19-20-fevral kunlaridagi Turkiyaga oliy darajadagi tashrifi davomida Turkiya Prezidentining Xalq kutubxonasi ochilish marosimida ishtiroki va nutq soʻzlashi ikki mamlakatlar oʻrtasidagi maʼnaviy va madaniy aloqalarning yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Maʼlumki, ushbu ikki davlatni birlashtiradigan mushtarak jihatlar judayam koʻp. Bunga tarixdan koʻplab misollar keltirishimiz mumkin. Masalan, buyuk mutafakkir shoir, bobokalonimiz Alisher Navoiyning turkiy tilning rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasi barcha turkiy tilli davlatlar tomonidan eʼtirof etiladi.

Alisher Navoiyning bebaho merosi turkiy xalqlarni maʼnaviy jihatdan birlashtirishga xizmat qilib kelmoqda. Asrlar mobaynida uning ijodi Turkiya zaminida sevib oʻqilganligi tarixdan maʼlum.

Bundan tashqari, Mirzo Ulugʻbekning sadoqatli shogirdi mashhur astronom va matematik Ali Qushchi umrining soʻnggi yillarini turk sultonlari saroyida yashab, sermahsul ijod qilganligini yaxshi bilamiz.

Oʻzbekistonda Prezidentimiz rahnamoligida kitobga boʻlgan muhabbatni keng targʻib etish, turli xalqlarning yetuk mutafakkir va allomalari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda.

Bu oʻzgarish, hattoki, mamlakatimizning oʻziga xos diplomatik yondashuvi sifatida xorijiy hamkorlarimiz bilan ikki tomonlama aloqalarni mushtarak qadriyatlar asosida yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining xorijiy yurtlarga tashrifiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻsha davlatlar va xalqlarning buyuk allomalari, yozuvchiyu shoirlariga boʻlgan cheksiz hurmat va ehtiromni koʻrishimiz mumkin. Turkiyaga tashrif ham bu ezgu anʼanalar bardavomligiga tayangan holda oʻtdi va turk elining eng ulugʻ ijodkorlari asarlarining oʻzbek tiliga tarjima qilingan nusxalari taqdim etildi.

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ilk yigʻilishi va tashrif doirasida boʻlib oʻtgan barcha tadbirlar mushtarak madaniyat, umumiy til va oʻxshash qadriyatlarga ega ikki qardosh xalq oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Laziz MINGISHOV,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori.

OʻzA