21.02.2020 4292

Hozirgi vaqtda Turkiya Oʻzbekistonning eng yetakchi tashqi savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Agar 2016-yilda oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 2,5 milliard AQSH dollaridan oshdi. Ayni paytda Oʻzbekistonda Turkiya sarmoyalari ishtirokida 1300dan ortiq korxonalar samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Maʼlumki, keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga dastlabki institutsional asoslar kuchaytirildi.

Xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya faoliyati faollashdi. Shuningdek, xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari boʻyicha komissiya samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Turli loyihalarni moliyalashtirishda 1993-yilda ish boshlagan Turkiya taraqqiyot va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning oʻrni ayniqsa yuqori boʻlmoqda va hozirga qadar 50 million AQSH dollaridan ortiq loyihalarni moliyalashtirishga muvaffaq boʻldi.

Taʼkidlash joizki, 2019-yil oktyabrda Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi raisi Rifat Xisarchikli oʻgʻlining yurtimizga tashrifi va Turkiy kengashga aʼzo davlatlar ishbilarmonlar kengashi va birinchi investitsiya forumida ishtiroki ikki davlat oʻrtasida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun muhim qadamlardan biri boʻldi.

Turkiyadan mamlakatimizga investitsiyalar hajmi va koʻlami tobora ortib bormoqda.

Turizm sohasida ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda. Turkiya Buyuk millat majlisi sobiq deputati, sayyohlik boʻyicha katta tajribaga ega Sodiq Badakning Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi maslahatchisi sifatida faoliyat yuritayotgani ham katta ahamiyatga egadir.

Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi haftasiga 34 marotaba havo qatnovlari (oʻsish 42 foiz) amalga oshirilayotgani ham xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining chuqurlashib borayotganidan dalolat beradi.

Oʻtgan yili 150 ming nafar oʻzbekistonlik Turkiyaga, 64 ming nafar turkiyaliklar oʻz “Ota yurti”ga safar qildi.

2019-yil dekabrda Toshkentda Turkiya tibbiyot vaziri Faxrettin Koja ishtirokida Sogʻliqni saqlash forumi va “Salomatlik haftaligi” samarali boʻlib oʻtdi. Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot institutida qoʻshma xalqaro fakultet ish boshlagani ayniqsa quvonarlidir.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Turk tilini oʻrganish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani qardosh xalqlarimizni birdek mamnun qiladi. Turkiy Kengash tomonidan 2020-yilda “Xiva – Turkiy dunyo madaniy poytaxti” deb eʼlon qilinishi ham barchamizni cheksiz quvontirdi.

Joriy yilning iyun oyida Anqara va Istanbul shaharlarida Oʻzbekiston kino haftaligi va madaniyati kunlari oʻtkazilishining rejalashtirilayotgani ikki xalqning chinakam maʼnaviyat bayramiga aylanishi shubhasizdir.

Prezidentimizning 19-20-fevraldagi Turkiyaga oliy darajadagi tashriflari, Rejep Tayyip Erdogʻan bilan oʻtkazgan ochiq va sermahsul uchrashuvlari bejizga xalqaro hamjamiyat tomonidan strategik sheriklikning mutlaqo yangi davri deb baholanayotgani yoʻq. Bunda chuqur ramziy maʼno bor.

Davlatimiz rahbarining nafaqat Turkiyada, balki butun dunyoda katta salohiyatga va oʻz oʻrniga ega turk ishbilarmon doira vakillari bilan shaxsan uchrashuvi, tashrif davomida esa 1 milliard dollarga teng yangi qoʻshma loyihalarning imzolanishi faqat xalqimiz farovonligi va ravnaqiga xizmat qilishga qaratilgandir.

Haqiqatdan ham Yurboshimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib borishga boʻlgan yuksak siyosiy irodasi zamirida tarixiy, til va din nuqtayi nazardan mushtarak boʻlgan turk xalqi bilan aloqalarimizning chuqurlashuvi qardosh ellarning mushtarak manfaatlari toʻla mos keladigan ijobiy jarayondir.

Fuzail MAHMUDOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti eksperti.

OʻzA