22.01.2020 5338

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-yilda ustuvor yoʻnalishlarda islohotlarni jadallashtirish yuzasidan maqsadli parametrlarni belgilash va ularni taʼminlash boʻyicha anik tadbirlarni ishlab chiqish” masalalari boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuklatilgan, korrupsiyaning oldini olish vazifalari yuzasidan kelib chiqib, joriy yilning 18-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev raisligida, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida korrupsiya xolatlari xamda ularni keltirib chiqarayotgan sabab va kamchiliklarni bartraf etish yoʻllari mavzusida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mazkur videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov, Prezident maslahatchisining oʻrinbosari U.Ismailov, Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xuzuridagi tashkilotlar raxbarlari, shuningdek Toshkent va viloyat oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlari va dekanlari ishtirok etdilar.

Videoselektorda oliy taʼlim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishning ahvoli va qonuniylikni taʼminlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Oliy taʼlim sohasida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi yigʻilishda tanqidiy muhokama etildi.

Bosh prokuror oʻz maʼruzasida, oliy taʼlim sohasida korrupsiya tarqalgan yoʻnalishlarni sanab oʻtdi. Jumladan, korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, oʻqish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning oʻqish joyini koʻchirish, oʻqish yoʻnalishini oʻzgartirish hamda oʻqishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilayotganligi koʻrsatildi, shuningdek talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Ijodiy imtihon jarayonlari xolis va adolat bilan oʻtkazilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Bosh prokuror maʼruzasida, mutasaddilarga oliy oʻquv yurtlarining taʼlim tilidagi zamonaviy darslik va oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash zarurligini koʻrsatdi. Tahlillar, oliy taʼlim muassasalarida oʻquv rejalaridagi fanlarning 24 foizi boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalar mavjud emasligini koʻrsatmoqda. Ayrim oliy oʻquv yurtlarida darslik va oʻquv qoʻllanmalari maʼnan eskirib, hozirgi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Oliy taʼlim muassasalarida axborot resurs markazlari, ayniqsa, kutubxonalardan foydalanishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar ham roʻy-rost koʻrsatilib, axborot — kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlim jarayonlariga keng joriy etish zarurligi taʼkidlandi. Magistratura yoʻnalishida yoʻl qoʻyilgan ayrim suiisteʼmolchilik holatlari keskin tanqid qilindi.

Talabalar oʻqish joyini koʻchirish, oʻqish yoʻnalishini oʻzgartirish hamda oʻqishga qayta tiklashda korrupsiyaga duch kelayotganligi, bunga oliy oʻquv yurti va vazirlik ayrim mutsasaddilari bosh qoʻshganligi keskin tanqid ostiga olindi. Yigʻilishda komissiya raisi, korrupsiya holatlariga taʼlim jarayonlarning ochiq va shaffof tashkil etilmaganligi sabab boʻlganligini koʻrsatib, bundan sohadagi har bir rahbar xodim oʻziga tegishli xulosa chiqarishi lozimligini taʼkidladi.

Oliy taʼlim muassasalari ilmiy — tadqiqot faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar ham yigʻilish aʼzolari tomonidan muhokama etilib, ilmiy daraja berish tartib — taomillaridagi murakkabliklar, oʻrinsiz talab va korrupsiyaviy omillar taʼlim sifatiga taʼsir koʻrsatayotganligi qayd etildi, shuningdek, oliy taʼlim sohasida yoʻl qoʻyilgan korrupsiya holatlarining asosiy sabablaridan biri — ijro intizomi, yuridik xizmat faoliyati yetarli yoʻlga qoʻyilmagani, deb koʻrsatdi komissiya raisi.

Maʼruza yakunida Bosh prokuror N.Yoʻldoshev, oliy taʼlim masalasiga eʼtiborsiz qaralgan vaziyatlarda yuzaga keladigan mudhish oqibatlar haqida soʻz yuritib, Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qoʻyilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.

“Har qanday millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun taʼlim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning oʻzi kifoyadir.

Bu tarzda taʼlim olgan shifokorlar qoʻlidan bemorlar oʻlim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron boʻladi, iqtisodchi va hisobchilar qoʻlida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qoʻlida zavol topadi.

Taʼlimning inqirozi – bu millat inqirozidir”.

Yigʻilish yakuni boʻyicha oliy taʼlim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish, qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

Manbaa: “Xalq soʻzi” gazetasi. Gazeta.uz sayti.